Toshkentlik qo‘shiqchi Laylo Rixsiyeva (Laylo) 22-yanvar kuni “insonning halokatli, hamma narsani yemiruvchi tabiati tufayli yuzaga kelayotgan” ekologik muammolarga bag‘ishlangan “Home” (“Vatan”) nomli qo‘shig‘i va uning klipini taqdim etdi.

Klipning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi subtitrlari mavjud. Shuningdek, kuzatuvchilar qoraqalpoqcha tarjimani ham ko‘rishlari mumkin.

Trek YouTube`ga joylanganidan buyon 26 mingdan ortiq ko‘rildi va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar tomonidan ulashildi. Qo‘shiqqa bildirilgan ijobiy fikrlar ham ko‘p.

Videoda Orol fojiasi va Sardoba suv omboridagi falokatga ishora qilingan, shuningdek, daraxtlar kesilishi va ko‘plab qurilish loyihalari, havoning ifloslanishi, buning ortidan “nafas olishning imkoni yo‘qolayotgani” va boshqalarni ko‘rish mumkin.

“Gazeta.uz” Laylo Rixsiyeva bilan bu qo‘shiq qanday yaratilgani, videolavhadagi kadrlar nimani anglatishi va Layloning O‘zbekiston xalq artisti, bastakor Yunus Rajabiy bilan qanday bog‘liqligi borligi haqida suhbatlashdi.

— O‘zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.

— Men Toshkentdanman. Yoshim 24 da. Ta’lim olgan yo‘nalishim bo‘yicha marketologman. Vestminster universitetida to‘rtinchi kursda o‘qiyotgandim, o‘sha paytda hali ham musiqa bilan shug‘ullanishni xohlayotganimni tushinib yetdim va o‘qishni tashladim. Ayni damda shunchaki erkin xonandaman.

home, laylo, лaйло рихсиеva, орол dengizi, сaрдобa

— Musiqiy faoliyatingiz qanday boshlangan?

“Hammasi karantin paytida — to‘rt devor orasiga qamalib qolgan vaqtimizda boshlangan. Bu, ehtimol, hayotimda menda bor narsalardan qila oladigan yagona ish edi. Bilasizmi, sevimli mashg‘ulotim yanada kattalashgan sari hech narsa musiqa chalish kabi quvonch keltirmay qo‘ydi. Jasoratli bo‘lishim va bittasini tanlashim kerak, deya qaror qildim.

Biroq musiqa bo‘yicha ta’lim olmaganman. Barcha musiqa asboblarini faqatgina his qilish orqali chalib ko‘raman.

— Omma bilan ulashishga qaror qilgan qo‘shiqlaringiz orasida “Home” birinchisimi?

— Aslida bu birinchisi emas. Menda shu vaqtgacha juda ko‘p relizlar bo‘lgan, ularni 2020-yildan beri chiqarib kelaman. May oyida bir voqea yuz berdi — o‘sha paytda ishlagan prodyuser bilan hamkorlikni to‘xtatdim. Qo‘shiqlarga tegishli huquqlarimiz bor edi. Hozir esa ulardan foydalanish huquqiga ega emasman, chunki hamkorlikni to‘xtatganman.

Shuning uchun may oyidan yakka holda ijod qilishni boshladim. “Home” — bu mening birinchi o‘zim yaratgan video va qo‘shiq. Men uni oshxonada o‘tirib, eski noutbukimdagi CapCut dasturida tayyorladim. Ha, bu men uchun Gollivud hikoyasidek (kuladi).

— Qo‘shiq g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

— Umuman olganda, so‘nggi bir yil ichida o‘z vatanimga, umuman, O‘zbekistonga munosabatim tubdan o‘zgardi. Madaniyatimiz naqadar boy ekanini ko‘rdim. Shu tariqa sog‘lom vatanparvarlik tuyg‘usiga singib ketdim.

Umuman olganda, havoga nisbatan juda sezuvchanman. oktabr oyida tushundimki, atrofda yaxshi deb hisoblab bo‘lmaydigan ishlar bo‘lyapti. Daraxtlar kesilyapti, binolar buzilyapti, ularning o‘rniga esa yangilari qurilyapti. Rostini aytsam, bu meni juda xafa qildi. oktabr oyida men o‘z ko‘rganlarimni shu qo‘shiqqa jamladim. Uni yanvargacha hali tayyor emas deb o‘ylab, e’lon qilishni xohlamagandim.

Keyin tushundimki, bu hislar bejiz emas, bizda milliy cholg‘u asboblarimiz ham bor. O‘zbekistonda xalq artistlari sifatida tan olingan amakilarimga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdim.

Rixsi Rajabiy.Rixsi Rajabiy.

Men Yunus Rajabiyning ukasi (O‘zbekiston xalq artisti, bastakor, ko‘plab maqomchilarning ustozi, o‘zbek musiqa merosini jamlagan, Toshkent shahridagi metro bekati va ko‘chaga uning nomi berilgan — tahr.) Rixsi Rajabiyning nevarasiman.

Ma’lum bo‘lishicha, Yunus Rajabiylarning butun sulolasi sozanda bo‘lgan, Rixsi Rajabiylar sulolasining yosh avlodidan faqat men borman. Shuning uchun bu qo‘shiq menga ham oilam bilan birlashish, o‘rtadagi ko‘prik bo‘ldi, ovoz yozishda yaqinlarim yordam berishdi.

16-yanvar kuni uni ommaga e’lon qilishga qaror qildim, o‘sha vaqti mamlakatdagi havo sifati juda kritik holatda edi. To‘rt kun ichida oshxonada o‘tirib, video tayyorladim, materiallarni tanladim, hammasini montaj qildim va uy yerto‘lasida suratga oldim. Ish shunday kechdi.

— Qo‘shiq matni qanday yaratilgan?

— Matnning o‘zi bir kunda yozilgan. Uni yozishni ko‘pga cho‘zmadim. Chunki so‘zlardan ko‘ra ko‘proq musiqa orqali his qilaman. Ammo shundan keyin bitta filmni ko‘rdim, adashmasam, turkcha edi. Qabristonda keksa bir kishi turib, vafot etgan xotini bilan suhbatlashgan sahnasi bor. U unga o‘z shahrida bo‘layotgan voqealar haqida gapirib beradi. Va shunday deydi: “Ular mendan hamma narsani tortib olishdi — seni, sevimli ustaxonamni, menda qolgani faqat shu yer va osmon. Yerni ham allaqachon bo‘lib olishgan. Agar imkoni bo‘lsa, osmonni ham sotgan bo‘lishardi”.

Bu iborani eshitib, “O, yo‘q!” dedim. Shu bilan qo‘shiq matnini yozishga ketdim (kuladi). Taxminan 20 daqiqada qo‘shiq yozildi.

home, laylo, лaйло рихсиеva, орол dengizi, сaрдобa

— Siz yaratgan qo‘shiq qaysi janrda yozilgan?

— Bunday janr bor yoki yo‘qligini ham bilmayman. Men faqat musiqa ishqibozi bo‘lganim uchun ham buni biroz tushunmayman. Ya’ni mendagi barcha taronalar shu uslubda yoziladi, degani emas bu. Agar jaz usulida yozmoqchi bo‘lsam, jaz. Bu o‘sha paytda men nimani his qilganimga bog‘liq.

Janrlarga bo‘lib o‘tirmadim, balki bu qo‘shiqni “cinematic pop” deb atash mumkindir, chunki u qandaydir filmga o‘xshaydi.

— Video boshida qoraqalpoqcha gapirayotgan ayolning ovozi eshitiladi. “Biz qayerga boramiz? Hech qayerga borolmaymiz. Shu yerda qolamiz”. Bu parcha qayerdan olingan?

— O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan barcha ekologik muammolarga oid ko‘plab materiallarni ko‘rib chiqdim. Rostini aytsam, qo‘shiq uchun topgan materiallarimning yarmini ham ishlatmadim.

Qoraqalpoq xalqi aytgan bu parchalar BBC nashrining Orol dengizi haqidagi materialidan olingan. Ilhom olish uchun uni tomosha qilgandim, shu ibora eshitilganda “Bu menga kerak”, deb o‘yladim va uni oldim.

Ikkinchi lahza — erkak kishining “Astag‘firulloh, astag‘firulloh” degani esa [Toshkentning Sergeli tumanida] ombor portlaganda aytilgan ibora.

Ayol yaqinlashib kelayotgan suv haqida gapiradigan uchinchi lahza — Sardoba voqeasi. To‘rtinchi parchada esa ayolning na yaqinlari, na mashinasi qolgani haqida gapiriladi — bu Nukusda bo‘lgan, tomlarni uchirib ketgan kuchli shamol haqida edi.

Xonandaning yana bir ishi.

— Bu 2018-yilda sodir bo‘lgan chang bo‘roni haqidami?

— Ha, kuchli shamol va chang bo‘roni bo‘lganida. Tabiiy ofat binolar tomini qo‘porib tashlagandi. Bu lahza televizorda klip ichida ko‘rsatilgan.

— Videongizda qo‘shiq matni ko‘rsatilgan bir qator kadrlar bor: “Nafas ololmayapman, menga toza havo kerak. Lekin ularga baribir, ularning qizlari boshqa yerlarda nafas oladi”. Busuratlar tasodifiymi yoki biror aniq shaxslar haqida gap ketyaptimi?

— Yo‘q, yo‘q, bularning barchasi Pinterest ilovasidan olingan. Rostini aytsam, siyosatga umuman tushunmayman, siyosatchilar va ularning oilalari qanday yashashini kuzatmayman. Bu ko‘proq qurilish bilan shug‘ullanadigan ishbilarmonlarga havola qilingan. Manfaatlari uchun yetarli bo‘lsa, ularga buncha pul nimaga kerak?.. Menga shunday ko‘rinadi.

home, laylo, лaйло рихсиеva, орол dengizi, сaрдобa

— Kadr va havolalarni qanday tanladingiz? Masalan, daryolardagi narx belgilari.

— Bu aslida ramziylik. Men oddiy gaplar bilan matn tuzishni yoqtirmayman, odamlar uni o‘zlari tushunib olishlarini istayman.

Bu qism men uchun ramziy ma’noga ega — unda Sovet Ittifoqi davrida hukumat qanday qilib davlatimizda suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanishga olib kelgan qarorlar qabul qilgani haqida gap boradi. Chunki hududda allaqachon suv tanqisligi mavjud. Amudaryo va Sirdaryo oqimi o‘zgargani sababli suv shunchaki Orol dengiziga yetib bormagan, Orol qurib qolgan.

Bu xato butun bir xalq va uning sog‘lig‘iga qimmatga tushdi. Umuman olganda, juda og‘riqli his bu… [Qoraqalpog‘iston xalqi] hozirgi ahvolga loyiq emas.

— Ko‘z yoshlaringiz qurigan Orol dengizini to‘ldiradigan yana bir kadr bor. Aftidan, odamlarning ko‘z yoshlari Orol dengizini qaytara olmaydi.

— Bu — heppi-end. Ha, men haqiqatni aytishni yaxshi ko‘raman. Lekin ba’zida bir nuqtada hamma narsa amalga oshishini orzu qildim. Men shunday odamman. Yaxshi bo‘lishiga ishonishni xohlayman.

home, laylo, лaйло рихсиеva, орол dengizi, сaрдобa

— Qo‘shiq boshida Toshkent havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallagani aytilar ekan, diktorning “I guess all that we can do now is pray”, degan so‘zlar yangraydi, ya’ni “Biz hozir qila oladigan yagona narsa ibodatdir”. Bu hozir qilish mumkin bo‘lgan yagona yo‘lmi?

— Albatta yo‘q. Uni to‘g‘rilashning imkoni bor. “Men hozir yulduzga aylandim” degan nuqtai nazardan emas, bu qo‘shiq fonida sodir bo‘layotgan rezonansdan hayratda qoldim. Go‘yo barcha e’tibor menga emas, balki muammoga qaratilmoqda.

Menga hozir jamoatchilikning o‘zini tutishi juda yoqadi. Trek chiqqanda lentamdagi ekologiya mavzusiga oid ko‘plab postlarni ko‘rdim, hamma bu mavzuda bong ura boshladi, bundan juda xursandman. Ehtimol, odamlarning ichida yig‘ilib qolgan dardlarni olib chiqqandirman. Odamlar birgalikda nimadandir g‘azablana boshlaganlarida, nimadir o‘zgarganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

“I guess all that we can do now is pray”. Bu iboraga kelsak, u mutlaqo mavhum. Buni diktor aytmagan. Rostini aytsam, bu — mening so‘zlarim. Bu men kelajakda ko‘rishni istamagan antiutopiyadir.

home, laylo, лaйло рихсиеva, орол dengizi, сaрдобa

— Bu ishingizni bayonot, manifest deb hisoblash mumkinmi yoki shunchaki dardingiz bilan bo‘lishdingizmi?

— Onam Sovet Ittifoqi vaqtida menga o‘xshaganlarni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega odamlar deb atashganini aytardi. Ya’ni nima uchunligini bilmayman, lekin bularning barchasini tayyorlayotganimda shunchaki buni qilish va baham ko‘rishni istagandim. Buning ortidan menga ergashishlari xayolimga ham kelmagandi. Aslida, bu orqali hech kimni haqorat ham qilmadim, shunchaki vaziyat qandayligini ko‘rsatdim.

Qalbimizdan chiqayotganlarni xalqqa yetkazish uchun ijodkorlarimiz harakatida shu narsa ko‘proq bo‘lishini istardim.

Xonandaning YouTube kanaliga hozircha faqat bitta qo‘shiq joylangan, u ijod namunalarini asosan Instagram`dagi sahifasida ulashib boradi.

Shuhrat Latipov suhbatlashdi.


Yozda reper Konsta (Sharif Abdullayev) Toshkentdagi ekologik muammolarga bag‘ishlangan “Havo” kompozitsiyasini taqdim etgandi. Unda poytaxtning chang-to‘zonli havosi “to‘yib nafas olishga” imkon bermayotgani, shaharning “qafasga o‘xshab qolgani”, “oq rangning kulrangga aylangani” haqida so‘z borgan.