Toshkent markazidagi Matbuot uyida boshlangan rekonstruksiya ishlari 2026-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda uni rekonstruksiya qiluvchi pudratchi tashkilot “Yangi Zamon Bino” kompaniyasi e’lonida keltirilgan. Shuningdek, shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati kompaniyasi” unitar korxonasi texnik nazoratchisi “Gazeta.uz”ga muxbiriga ma’lum qildi.

Binoning rekonstruksiyadan avvalgi tashqi ko‘rinishi. Foto: The MagBinoning rekonstruksiyadan avvalgi tashqi ko‘rinishi. Foto: The Mag

Rekonstruksiya ishlari, binoda faoliyat olib borgan tahririyatlar ko‘chib chiqqach, 2023-yil oktabrida boshlangan. Davlat budjeti hisobidan amalga oshirilayotgan salkam 99 mlrd so‘mlik ta’mir 2023-yil noyabrida aniqlangan tender g‘olibi — “Yangi Zamon Bino” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilyapti. Rejaga ko‘ra, bino va unga tutash hududda media-shaharcha bunyod etiladi.

Binoning hozirgi ko‘rinishi. Foto: “Gazeta.uz”

Texnik nazoratchi Jasur Ismatullayevning ta’kidlashicha, Matbuot uyi binosi madaniy meros obyekti emas, shu bois uni to‘liq buzish ham mumkin edi. Hozirda binoda demontaj ishlari davom etyapti, ammo bu uning to‘liq buzilishini anglatmaydi — Matbuot uyining fasad qismiga yangidan ishlov berilib, u oynavand binoga aylantiriladi.

Loyiha bo‘yicha, Matbuot uyining ta’mirdan keyingi ko‘rinishi. Surat: The MagLoyiha bo‘yicha, Matbuot uyining ta’mirdan keyingi ko‘rinishi. Surat: The Mag

“The Mag” nashrining yozishicha, rekonstruksiya davomida yetti qavatli bino sakkiz qavatga aylantiriladi. Ta’mirlash ishlari yakuniga yetgach, dastlabki uch qavatni bino egasi hisoblangan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) egallaydi, 4−6-qavatlarga “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Nurli jo‘l”, “Ovozi tojik” gazetalari joylashadi. Binoda konferens-zal, yozgi media-shaharcha, kutubxona-muzey, trenajyor zali, innovatsion studiya ham paydo bo‘ladi.

Matbuot uyining sotuvga qo‘yilishi

Matbuot uyi birinchi marta 2018-yil bahorida kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi. O‘shanda obyektning boshlang‘ich bahosi 18,7 mlrd so‘m etib belgilangan edi. Keyinchalik, jamoatchilik e’tirozidan so‘ng, lot kimoshdi savdosidan olib tashlangan.

2021-yil avgustida bino yana sotuvga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo yana jamoatchilik e’tirozidan so‘ng, bino tahririyatlar ixtiyorida qoldiriladigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, bino O‘zA balansiga o‘tkazildi.