1-martdan Korean Air aviakompaniyasi (Janubiy Koreya) Seul — Toshkent — Seul yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni to‘xtatmoqchi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga aviatashuvchining Toshkentdagi vakolatxonasi tasdiqladi.

“Reyslar rotatsiyasi yo‘q, yo‘lovchilar kam. Shuning uchun vakolatxona ham yopiladi”, — deya ta’kidadi kompaniya vakili.

Korean Air veb-saytida 1-martdan keyin ushbu yo‘nalish bo‘yicha aviachiptalar mavjud emas. Bungacha Seuldan Toshkentga va teskari reyslar deyarli har kuni amalga oshirilardi.

Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi ham ushbu yo‘nalishda muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Uning parvozlar jadvalida hech qanday o‘zgarishlar yo‘q.

Dunyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biri Korean Air Seul va Toshkent o‘rtasidagi yo‘nalishni 2008-yilning sentabrida ochgan. 2009-yilning mart oyida kompaniya “O‘zbekiston havo yo‘llari” (hozirgi Uzbekistan Airways) bilan birgalikda parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha kod-shering shartnomasini imzolagan. Natijada reyslar soni haftasiga uch martadan besh martagacha ko‘paygan.

Koreya aviatashuvchisi Navoiy aeroportida Mintaqaviy logistika markazini tashkil etish loyihasida ham ishtirok etgan va keyinchalik ushbu markazni boshqara boshlagan.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyaning yana bir aviakompaniyasi — Asiana Airlines ham Toshkent va Seul o‘rtasida parvozlar amalga oshiradi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 2023-yil yakuniga ko‘ra 2,34 milliard dollarni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni o‘tgan yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra bir yil ichida 908 tadan 696 taga kamaygan.