22−23-yanvar kunlari Xitoy poytaxti Pekin shahrida birinchi O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida ekrandagi yozuvlar hamda ko‘rgazmalarda o‘zbek tili emas, balki rus tilidan foydalanilgani O‘zbekistondagi jamoatchilik faollarining e’tiboriga tushdi.

o‘zbek tili, o‘zbekистон-xitoy ta’lim forumi

“Xitoyda rus tili ikkinchi davlat tili deb e’lon qilinibdi. Tina Kandelakining gaplaridan [bu haqda yozgandik — tahr.] qo‘rqib ketishgan, shekilli”, — deya post qoldirdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov yuqoridagi fikrga javoban bunday dedi:

“Bu — Xitoyda rus tilining ikkinchi davlat tili deb e’lon qilinishi emas, O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili ekanini O‘zbekiston davlat xizmatchilari unutib qo‘yishi, shekilli”.

Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda hujjatlar (shu jumladan, bannerlar ham) ikki davlatning rasmiy tillarida qayd etilishi kerak, uchinchi bir davlat tilida emas.

“Ayniqsa, bu (uchinchi) davlat vakillari rasmiy OAV orqali butun boshli millatning mavjud (bo‘lgan)ini inkor qilishni o‘zlariga ep bilishsa”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Vazirlik nima deydi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, forumning rasmiy tili xitoy va rus tillari bo‘lgan.

“Forumga tarjimonlarni Xitoy tarafi tashkil qilgan. Forum bir nechta sessiyalardan iborat bo‘ldi. Qulaylik nuqtai nazaridan forumning rasmiy tillari sifatida xitoy va rus tillari etib belgilandi”, — deya tushuntirish berdi vazirlik matbuot xizmati.

Forum haqida

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan esa 110 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Forum davomida ikki davlat OTMlari o‘rtasida 70 ta hujjat imzolandi. Jami 5 ta OTM o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jarayon davomida O‘zbekiston-Xitoy universitetlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o‘zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ta’limda sun’iy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.