Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-fevraldan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi. Avvalroq reyting 1-martdan boshlab joriy etilishi xabar qilingandi.

Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
  • “VVV”, “VV” va “V” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
  • “SSS”, “SS” va “S” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
  • “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.

Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

Savdo-sanoat palatasi Soliq qo‘mitasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta ichida reyting ko‘rsatkichlari mezonlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqib, uning soliq to‘lovchilar shaxsiy kabineti orqali tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini ta’minlaydi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:

  • “AAA” toifadagi tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi, (jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno) shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) bir kunda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi;
  • 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan “AA” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha kamida 15 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lov bir yo‘la amalga oshirilganda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanmaydi hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati 5 yilgacha uzaytiriladi.

“A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga:

  • soliqlar bo‘yicha (QQS bundan mustasno) mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish 3 kunda amalga oshiriladi;
  • tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.

2024-yil 1-apreldan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.

Oliy sud o‘zining axborot tizimlari platformaga integratsiya qilinishini ta’minlaydi. Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasiga platformadan foydalanish huquqi beriladi.

Savdo-sanoat palatasi Soliq qo‘mitasi va Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda har yili reyting ko‘rsatkichlari mezonlari va ularni baholash metodikasini reyting natijalarining xolisligini ta’minlash nuqtai nazaridan Jamoatchilik kengashi yig‘ilishlarida tahlil qilib, ularni takomillashtirib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. Prezident matbuot xizmatining mazkur taqdimot bo‘yicha xabarida reyting bo‘yicha tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratilishi aytilgandi. Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi.

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.

“Bunday reyting shuning uchun ham muhimki, endi tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi. Yana bir tomoni, bu reyting tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Ya’ni shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qo‘yilib, „yashirin“ iqtisodiyot qisqaradi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.