Rossiyaning NTV telekanalidagi “Mesto vstrechi” (“Uchrashuv joyi”) ko‘rsatuvida rossiyalik tarixchisi Mixail Smolin inqilobgacha — 1917-yilgacha o‘zbek, qozoq va ozarbayjonlar millat sifatida mavjud bo‘lmagan deya fikr bildirdi. Uning efirda aytgan ushbu gaplari ayrim noroziliklarga sabab bo‘ldi. O‘zbek blogosferasi, jumladan, faollar rus telekanallarini O‘zbekistonda cheklash kerakligini ta’kidlamoqda.

Mixail Smolin nima degandi?

“Qarang, Qozog‘iston qanday paydo bo‘ldi. Dastlab u RSFSR tarkibida Qozoq Respublikasi deb atalgan. Ya’ni qozoqlar umuman yo‘q edi, keyin Qozoq SSR tarkibida Qirg‘iziston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etildi. Masalan, o‘zbeklar inqilobgacha (1917-yildagi bolsheviklar inqilobi — tahr.) bo‘lmagan. Bunday etnik nom yo‘q edi. Markaziy Osiyodagi bir qancha xalqlarni bir qilib, o‘zbeklarni [sun’iy] yaratishgan. Ozarbayjonlar kimlar? Bunday millat bo‘lmagan”, — dedi Mixail Smolin teledastur chog‘ida.

Munosabatlar

Smolin fikrlariga munosabat bildirar ekan, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev buning Rossiyaning propagandasi Markaziy Osiyo xalqlariga, jumladan, o‘zbeklarga ochiqdan-ochiq tahdidi ekanini ta’kidladi.

“Rossiyaning bosqinchi propagandasi Markaziy Osiyo xalqlariga, jumladan, o‘zbeklarga ochiqdan-ochiq tahdid qilmoqda. Yaqindagina Zaxar Prilepin ismli ahmoq O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqida gapirgandi. Va buni zaldagi boshqa ruslar qarsak chalib qo‘llab-quvvatlagandi. Endi esa auditoriyasi katta bo‘lgan NTV telekanalida Mixail Smolin degan tovuqmiya „1917-yilgacha o‘zbek va qozoq millat sifatida mavjud bo‘lmagan (ozarbayjonlar ham), rus inqilobidan keyin bu millatlar sun’iy yaratilgan“ debdi”, — deb yozdi Xushnudbek.

“Bu kabi holatlar shunchaki tasodif ekanligiga ishonish uchun aqli noraso bo‘lish kerak. Sog‘lom odam bularning barchasi nima uchun qilinayotganini yaxshi biladi. Chunki Ukrainaga bosqin ham aynan mana shu kabi umumiy tezislar asosida boshlangan. Ya’ni uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yo‘qligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sun’iy davlat ekanligi haqidagi cho‘pchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini hammamiz ko‘rib turibmiz”.

“Nega biz mana shunaqa isqirtlarga qarshi biror chora ko‘ra olmaymiz? Nega doim rus shovinistlariga qarshi muloyim va bag‘rikeng munosabatda bo‘lamiz? Nega Rossiya elchisini “chaqirtirmaymizu”, shunchaki “taklif etamiz“? Nega butun boshli O‘zbekistonni bosib olish haqida gapirganlarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atmaymiz? Nega o‘zbek xalqini yerga urganlarni O‘zbekistonga kirishini taqiqlash haqida qarorlar qabul qilmaymiz? Nega doim qo‘rqib yashashimiz, “katta og‘a” nima der ekan deb, og‘zini poylab turishimiz kerak?”, — deya qayd etdi huquqshunos.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ham doim Rossiyaning yonini oladigan, u nima qilsa to‘g‘ri deb hisoblaydigan va ming afsuski, millionlar, afsuski, milliardlar, afsuski, hatto O‘zbekistonni Rossiya bosib olishini ham qo‘llab-quvvatlaydigan yurtdoshlarimiz ham borki, ular ham ko‘zlarini ochishlari kerak. Sal odamga o‘xshab mantiqiy fikrlashni boshlashi, pushti ko‘zoynakni yechishi kerak. Vatanini sevishi kerak. Buning uchun esa, eng avvalo, iflos rus propaganda telekanallarini O‘zbekistonda cheklash kerak. Bu ilk qadam bo‘lishi shart!” — deya fikrlarini yakunladi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham rus kanallarini O‘zbekistonda cheklash kerakligini bildirdi.

“Ko‘rinib turibdiki, katta ehtimol bilan Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlamoqda. Bu ssenariy Ukrainaga uyushtirilishi kutilgan bosqindan oldin ham qo‘llangan. Bunday harakatlar fonida biz hech bo‘lmasa birinchi galda o‘z jamiyatimizni xurujlardan saqlash uchun rus propagandasi bilan shug‘ullanayotgan barcha kanallarni cheklash haqida to‘xtamga kelishimiz kerak. Bunisi endi oshib tushdi”, — deya yozdi o‘z Telegram kanalida Kusherbayev.

“Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa “Rossiyalik propagandachilar jazavaga tushmoqda. Ularga aqldan ozishga xalaqit bermang”, — deya post qoldirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov “ilmsiz tarixchini e’tiborsiz qoldirish kerak”ligini yozdi.

“Qadimgi turkiy millatlar, jumladan, ularning eng mustahkam qo‘llaridan biri qarluqning boshi — o‘zbeklarning 3 ming yillik davlatchiligini oddiy inson bilmasligi mumkin, lekin tarixchiman degani bilmasa, bunday ilmsiz tarixchini e’tiborsiz qoldirish kerak”, — dedi deputat.

“Davlatchilik tajribamizning muhim xulosasi — el bo‘lmasdan o‘zimiz bilan o‘zimiz tortishaversak, yana zo‘ravonga qul bo‘lamiz!” — deya qo‘shimcha qildi Qodirov

Rossiya TIV bayonoti

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova rossiyalik tarixchisining fikrlari yuzasidan munosabat bildirdi.

“Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalarini umumiy tarix, yaqin insoniy, gumanitar aloqalar, savdo-iqtisodiy va biznes aloqalari birlashtiradi. Bizning chinakam hamkorligimiz, strategik sherikligimiz va aksariyat hollarda ittifoqdoshligimiz bir-biriga hurmat va madaniyatlar muloqotiga asoslangan bo‘lib, bizni o‘zining chuqur tarixi va butun insoniyat uchun qadrli samarasi bilan boyitadi”, — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Rossiya va Markaziy Osiyo mintaqasining suveren, mustaqil davlatlari bunday munosabatlarning ahamiyatini to‘liq tushunadi.

“Ta’kidlangan g‘alati bayonotlar tabiatan sof subyektivdir, hozirgina aytib o‘tilgan voqeliklar bilan hech qanday umumiylik yo‘q va to‘liq muallifning o‘z vijdoniga havola”, — deyiladi Rossiya TIV munosabatida.

“Odamlarning yangilik va tahlillarga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirmasak, buni boshqalar qiladi”

Yaqinda o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev odamlarning yangilik va tahliliy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘ldirilmasa, buni boshqa mamlakatlardagi manbalar amalga oshirishini aytgandi.

“Agar biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi” — degandi O‘zbekiston prezidenti.

“Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo‘lsa, uni tan olishimiz kerak. Nohaq bo‘lsa, unga tushuntirish orqali yolg‘on xabarlarning oldini olishga o‘rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg‘onligini”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.