Toshkent shahrida jamoat avtobuslarining harakat xavfsizligini nazorat qiluvchi xodimlarga maxsus xizmat mashinalari biriktirildi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur xizmat xodimlari avtobus haydovchilarining belgilangan tartib asosida faoliyat yuritishini nazorat qiladi. Shu paytgacha ularda maxsus mayoqchali mashina va xizmat formasi bo‘lmagan, deya tushuntirdi kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Xodimlarga jamoat transporti harakatiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlab, bartaraf qilish choralarini ko‘rish maqsadida maxsus mayoqchali xizmat avtomashinalari bilan birga nur qaytaruvchi nimcha, favqulodda holatni anglatuvchi belgi hamda jezl (tayoqcha) topshirildi.

Hozirda 8 ta avtobus saroyi filialida Harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi tashkil etilgan. Kompaniya mazkur avtomashinada xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faqatgina avtobuslar harakatini nazorat qilishini eslatib o‘tdi.

“Toshshahartransxizmat” inspektorlari yo‘l harakati qoidalarini buzgan jamoat transporti haydovchilariga nisbatan bayonnomalar tuzish vakolatiga ega. Shu bilan birga, agar ular avtobus yo‘laklarida mashinalar to‘xtab turgani yoki harakatlanayotganini ko‘rsa, bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasiga xabar berishi kerak. Kelgusida inspektorlarning xizmat avtomashinalariga videoregistratorlar ham o‘rnatiladi.