Respublikachilar partiyasidan 2023-yilda Donald Trampga asosiy raqobatchi sifatida ko‘rilgan Florida shtati gubernatori Ron Desantis prezidentlik kampaniyasini to‘xtatdi, deya xabar bermoqda The New York Times.

Desantisning o‘zi bu haqda X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan videosida ma’lum qildi va tarafdorlarini Donald Trampga ovoz berishga chaqirdi.

15-yanvar kuni Ayova shtatidagi kokuslarda (bir partiya tarafdorlari yig‘ilishlari, unda saylovchilar nomzodlarni muhokama qiladi va ularga ovoz beradi. Praymerizlardan farqli o‘laroq, kokuslar shtatlar emas, balki partiyalar tomonidan o‘tkaziladi) Desantis 21 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagandi, Trampga esa 51 foiz ishtirokchi ovoz bergan.

Desantis 2023-yilda respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlik uchun Donald Trampning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgan. Siyosatchi o‘z nomzodini ilgari surishi haqida 2023-yil 24-may kuni rasman e’lon qilgandi. Shundan so‘ng siyosatchining reytingi pasayib bordi: Desantisni omma oldida o‘zini tabiiy tutmasligi va Trampga qarshi qattiq gapirishni istamasligi uchun tanqid qilishdi, yozda esa uning saylov kampaniyasi mablag‘ taqchilligiga duch keldi va u o‘zining shtabi rahbarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Desantisning reytingi eng yuqori cho‘qqisida 30 foizdan oshdi, ammo so‘nggi oylarda 10 foizgacha pasaydi.

Praymeriz boshlanishi arafasida respublikachilar orasida ikkinchi o‘ringa AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli chiqib oldi. Sobiq prezident Donald Tramp respublikachilar partiyasining praymerizida yaqqol favorit hisoblanadi. U Ayova shtatidagi kokuslarda katta farq bilan g‘alaba qozondi va so‘rovnomalar natijalari bo‘yicha Nyu-Hempshirda yetakchilik qilmoqda.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024-yil 5-noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Ron Desantis haqida nimalar ma’lum?

Siyosatga kirishdan oldin Ron Desantis dengiz flotida yurist bo‘lgan. 2012-yilda u AQSh Kongressi a’zoligiga saylangan, 2018-yilda esa Florida gubernatori bo‘lgan. 2022-yilda Desantis katta farq bilan lavozimga qayta saylangan hamda Respublikachilar partiyasida o‘sib borayotgan yulduz sifatida ko‘rila boshlagan.

Florida gubernatori bo‘lgan davrda siyosatchi shtatda abortlarni cheklab qo‘ydi, aholiga yashirin qurol olib yurishni osonlashtirdi va davlat universitetlarida inklyuziv dasturlarni moliyalashtirishni taqiqladi.