Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi arafasida (23−25-yanvar) “Jenmin jibao” gazetasida O‘zbekiston va XXR munosabatlarining istiqbollariga bag‘ishlangan fikr-mulohazalari e’lon qilindi.

“O‘zbekiston Xitoyning muvaffaqiyatlaridan chin dildan mamnun”

“Yangi yilning birinchi oyi har doim eng yaqin do‘stlar bilan uchrashish, yangi umidlar va marralar vaqtidir. Xitoy xalq Respublikasining muhtaram prezidenti Si Szinpinning taklifiga binoan bu yil birinchi tashrifimni Xitoyga amalga oshirishim chuqur ramziy ma’noga ega”, — deyiladi maqolada.

Shavkat Mirziyoyev Xitoyga har safar tashrif buyurganida “bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va muvaffaqiyatlar, bunyodkorlik kuchi, mehnatsevarligi va ko‘p asrlik orzusini ro‘yobga chiqarish uchun modernizatsiya yo‘lidan dadil borayotgan Xitoy xalqining iste’dodiga chin dildan qoyil qolishini” ta’kidladi.

“O‘tgan o‘n yil ichida Xitoy Xalq Respublikasi jahonning qudratli davlatiga aylandi, ulkan ilmiy-texnikaviy va innovatsion taraqqiyotga erishdi, iqtisodiyot va biznesni rivojlantirish uchun noyob ekotizim yaratdi. Mamlakat butunlay yangi qiyofa kasb etdi, xalq farovonligi muttasil yuksalmoqda, XXRni yanada rivojlantirish uchun mustahkam intellektual poydevor shakllantirilmoqda”, — deyiladi maqolada.

“Bugun Xitoy muhim xalqaro jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida jahon siyosati va boshqaruvida yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Prezident Si Szinpinning taraqqiyot, xavfsizlik va sivilizatsiyalararo muloqot sohalaridagi global tashabbuslari global muammolarni hal etishga, yanada barqaror va inklyuziv kelajakka o‘tishni jadallashtirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. XXR savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va infratuzilmani birlashtirish loyihalarini amalga oshirish orqali rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda katta ishtirok etmoqda”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston Xitoyning do‘stona qo‘shnisi va har tomonlama strategik hamkori sifatida bu muvaffaqiyatlardan chin dildan mamnun. Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi”, — deya qayd etgan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zaro munosabatlardagi eng yaxshi davr

Hozirda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar “o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda, izchil yuqori dinamikani namoyish etmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston va Xitoy “mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, Birlashgan Millatlar tashkilotining Markaziy roliga sodiqlik va global muammolarni bartaraf etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ko‘p tomonlama hamkorlik qilish istagini” qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Biz mamlakatlarimizning asosiy manfaatlariga daxldor bo‘lgan davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqlik, o‘z taraqqiyot yo‘limiz va madaniy-sivilizatsiyaviy o‘ziga xoslikni hurmat qilish kabi masalalarda bir-birimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.

“Mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi xalqaro maydondagi do‘stlik va o‘zaro yordamning yorqin namunasidir. O‘zbekiston Xitoyning global birlashtiruvchi kuchga aylangan „Bir makon, bir yo‘l“ tashabbusini amalga oshirish doirasida turli dasturlarda faol ishtirok etmoqda”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

“10 yil ichida Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash bo‘yicha ushbu ulug‘vor g‘oya sayyoramizning barcha burchaklarida o‘z tarafdorlarini to‘pladi va dunyo davlatlarining uchdan ikki qismini birlashtirdi. Bugungi kunda u jozibali konsepsiyadan amaliy haqiqatga aylanmoqda. U sivilizatsiyaviy, iqtisodiy va madaniy tafovutlar asosidagi ajratuvchi chegaralardan voz kechib, davlatlararo muloqot va hamkorlikni mustahkamlashning mutlaqo yangi formulasini kashf etdi, bu umumiy farovonlik yo‘lida insoniyat sa’y-harakatlarini maksimal darajada birlashtirish imkonini beradi”, — deb yozgan davlat rahbari.

O‘zbekiston uchun “Bir makon, bir yo‘l” faqatgina infratuzilma loyihasi emas. Tashabbusni birgalikda amalga oshirish tufayli mintaqa uzoq masofalarini yengib o‘tib, global o‘zaro bog‘liqlikning muhim bo‘g‘iniga aylanadi", — dedi u.

“Jahon siyosatidagi beqarorlik va notinchlikka qaramay, biz kelajakka dadil nazar tashlab, birgalikda ijodiy rejalar tuzamiz. Xitoy Xalq Respublikasining hurmatli raisi Si Szinpin bilan bo‘lajak uchrashuvda aynan shu haqda gaplashamiz”, — dedi prezident.

“Uzoq muddatli yangi rejalar”

Shavkat Mirziyoyev “Kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikning asosiy vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha yangi uzoq muddatli kun tartibi va dasturlarni ishlab chiqish” muhimligini ta’kidladi va vazifalarni sanab o‘tdi.

1. Global sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash. Tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, eng dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul murosalarni izlashga hech narsa to‘sqinlik qilmasligi kerak.

2. Munosabatlarni “sifat jihatdan yangi va yuqori darajaga” olib chiqish. Bugun dunyoda kechayotgan jarayonlarning murakkabligi va dinamikasi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining butun spektri bo‘yicha muntazam fikr almashish va yaqin hamkorlikni taqozo etmoqda. Mamlakatlarimizni Markaziy Osiyo mintaqasida va butun SHHT makonida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish istagi birlashtiradi".

3. Energetika, oziq-ovqat va ekologik inqirozlarning kuchayishi bilan bog‘liq barqaror rivojlanishning yangi muammolari sharoitida keng qamrovli savdo-iqtisodiy hamkorlik sur’atlarini saqlab qolish va oshirish. Yaqin kelajakda O‘zbekistonda xitoylik hamkorlar ishtirokida suv, elektr energetika, avtomobil va temir yo‘l sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturni tasdiqlash rejalashtirilgan.

4. Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida ikki davlat tashqi iqtisodiy faoliyati uchun transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish.

“Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida jahon bozoriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan yuk va yo‘lovchilarni tashish uchun ko‘p variantli multimodal yo‘nalishlar tizimini rivojlantirish, yangi terminallar yaratish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va omborxonalar qurish va yo‘l bo‘yidagi xizmatlar uchun integratsiyalashgan infratuzilma, logistikani raqamlashtirish tarixiy Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab qit’a ichidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim hissa bo‘ladi”

5. O‘zbekiston-Xitoy do‘stligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining ahamiyati katta. “Biz madaniy-gumanitar almashinuvni, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, turizm va arxeologiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam institutsional asoslarni yaratdik. Bu umumiy boylik, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvning buzilmas poydevoriga aylandi”.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil sentabr oyida “Gazeta.uz” Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida bildirgan fikr-mulohazalarini e’lon qilgandi.