O‘zbekistonda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmalarning IMEI kodini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik yoki nusxalash uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 155−3-modda kiritildi.

19-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev mazkur o‘zgartirish bo‘yicha qonunni imzoladi. U o‘tgan yilning 19-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 24-noyabrda Senat tomonidan ma’qullangandi.

Yangi moddaga ko‘ra, mobil qurilmaning xalqaro yagona identifikatsiya kodini uning qonuniy ishlab chiqaruvchisining ruxsatisiz o‘zgartirish, shuningdek, maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan shu maqsadda foydalanish BHMning 15−20 baravarigacha miqdorda jarima (5,1 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) solishga sabab bo‘ladi.

Abonent qurilmasining identifikatsiya modulini uning qonuniy ishlab chiqaruvchisi yoki qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratganlik uchun BHMning 20 baravarigacha jarima (6 mln 800 ming so‘m) solinadi. Ikkala holatda ham jinoyat sodir etishda foydalanilgan qurol musodara qilinadi.

O‘zgartish to‘g‘risidagi qonunda qayd etilishicha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarning yangi turlarining paydo bo‘lishi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlatga yetkaziladigan zararning oldini olishga qaratilgan qarorlar qabul qilishni talab qiladi.

Kodeksga kiritilgan o‘zgartirish uch oydan so‘ng kuchga kiradi.

O‘tgan yili Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi mobil qurilmalarning IMEI kodini klonlash “o‘g‘irlangan telefonlarni kuzatishni qiyinlashtirayotgani” haqida xabar bergandi.