Qidiruv-qutqaruv xizmati Hindistonning Gaya shahridan Toshkentga yo‘l olgan, biroq Afg‘onistonda halokatga uchragan Falcon 10 samolyotini topdi, deb xabar berdi Federal havo transporti agentligi.

Samolyot bortidagi olti kishidan to‘rt nafari tirik, ular turli tan jarohatlari olgan. Yana ikki kishining taqdiriga oydinlik kiritilmoqda.

Telegram`dagi Mash va Baza kanallari xabariga ko‘ra, samolyot bortida rossiyalik tadbirkorlar Anna va Anatoliy Evsyukovlar bo‘lgan. Ular Tailandda dam olayotganida Anna Evsyukova kasal bo‘lib qolgan va kasalxonaga yotqizilgan. Ammo shifokorlar davolanishni uyda davom ettirishni tavsiya qilishgan. Shundan so‘ng, qaytish uchun xususiy samolyot ijaraga olingan.

21-yanvar oqshomida Mash omon qolganlar orasida faqat ekipaj a’zolari bo‘lgani, er-xotin vafot etgani haqida xabar berdi. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarga hamrohlik qilgan tibbiyot xodimi eng yaqin qishloqqa yetib borib, imo-ishoralar yordamida mahalliy aholi bilan muloqotga kirishgan. 22-yanvar kuni ertalab kanal omon qolganlarni olib ketish uchun Rossiya vertolyoti uchib ketganini ma’lum qildi.

Federal havo transporti agentligi halokatga uchragan samolyotning Gazpromavia. bilan bog‘liqligi haqidagi ma’lumotni rad etdi. “Transport „Atletik Grupp“ MCHJ va xususiy shaxsga tegishli”, — deyiladi xabarda.