Yevropa Ittifoqi rasmiylari shu hafta Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha yangi rejani ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda 19-yanvar kuni taqdim etilgan reja loyihasiga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi, deb yozmoqda “Meduza”.

Tashabbusga ko‘ra, maxsus fond tashkil etilib, unga Yevropa tinchlik fondidan 6,5 mlrd yevro ajratiladi, 2024−2027-yillarda esa yiliga 5 mlrd yevrodan o‘tkazib boriladi.

Tushgan mablag‘ Yevropa Ittifoqi davlatlarining Ukraina uchun qurol-yarog‘ — dron, havo hujumidan mudofaa raketalari va o‘q-dorilarni birgalikda sotib olish xarajatlarini qoplash uchun ishlatilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mablag‘ning bir qismi Ukraina harbiylarini Yevropa Ittifoqida o‘qitishni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Agar Yevropa Ittifoqi yangi rejani ma’qullasa, unda ishtirokchi davlatlar kelgusi to‘rt yil ichida Ukrainaga ko‘rsatadigan “o‘nlab milliard yevrolik” harbiy yordami evaziga ittifoq mablag‘laridan 20 mlrd yevrodan ko‘proq pulni o‘z budjetlariga qaytarishi mumkin, deb yozadi WSJ.

Reja loyihasida Yevropa Ittifoqi davlatlari 2024-yildayoq harbiy yordam uchun 7,5 mlrd yevro miqdorida kompensatsiya olishi ko‘zda tutilgan.

“Ukrainaning tashqi yordamga qaramligini hisobga olsak, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va hamkorlarining kelgusi davrda qilgan tanlovlari Ukrainaning qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlarini jiddiy susaytiradi yoki keskin oldinga o‘tish imkonini beradi”, — deyiladi reja loyihasida.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari bu taklifni 1-fevralga belgilangan sammitda ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi davlatlari Kiyevga umumiy qiymati 3,5 mlrd yevro bo‘lgan yettita harbiy yordam paketini ma’qulladi, shuningdek, o‘q-dorilar yetkazib berish uchun 2 mlrd yevro ajratdi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun harbiy yordam, dezinformatsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, yadro xavfsizligini ta’minlash, ittifoqqa qo‘shilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirishda yordam va boshqalarni nazarda tutuvchi xavfsizlik kafolatlari konsepsiyasini tayyorlagan edi.