Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20-yanvardagi farmoni bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligi negizida Sport vazirligi tashkil etildi. “Gazeta.uz”da hujjatning nusxasi bor.

Yoshlar ishlari agentligi esa Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi.

Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Sport vazirligi hamda uning tizimidagi budjet tashkilotlari huzurida, Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari hamda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti huzurida mablag‘larni shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini to‘liq saqlab qolgan holda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi.

Cport sohasiga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari, shuningdek, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan barpo etiladigan yoshlarga oid infratuzilmalar, sport obyektlari va inshootlarining loyiha hujjatlari tegishlicha Sport vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan majburiy ravishda kelishiladi.

Sport vazirligi Toshkent shahri Abdulla Qodiriy ko‘chasi 2-uy manzili bo‘yicha, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri, Alisher Navoiy ko‘chasi 11-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

Quyidagilar Sport vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:

  • sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda sport sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • aholi o‘rtasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, sport ta’limi tizimini takomillashtirish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijador sportchilar zaxirasini yaratish;
  • Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash;
  • sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohani bosqichmabosqich raqamlashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
  • sport sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar taqdim etish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil aprel oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etilgan edi.

2022-yil fevral oyida Turizm va sport vazirligi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligiga bo‘lingan. O‘sha yilning dekabr oyida ma’muriy islohot doirasida Yoshlar siyosati va sport vazirligi tuzildi.