Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekologik partiya fraksiyasi a’zolari Ekologiya vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan daraxtlarni kesishga berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi yuzasidan bosh prokurorga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Partiya Chirchiq shahri “Shodlik” mahallasi Amir Temur ko‘chasi 192-uyda ro‘yxatdan o‘tgan Arena Cybersport mas’uliyati cheklangan jamiyati uchun boshqarma tomonidan berilgan 27 tup daraxt — 9 dona Sharq chinori, 2 tup soxta kashtan, 3 tup Androsov qayrag‘ochi, 3 tup aylanta, 3 tup terak va 7 tup Zarafshon archasini kesish ruxsatnomasini e’lon qildi. Ruxsatnoma 2023-yil 22-noyabrda berilgan va 2023-yil 31-dekabrgacha amal qilgan.

Murojaatda vazirlikning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 2022−2023-yillarda 600 dan ortiq daraxt, shu jumladan qimmatbaho daraxt turlarini kesish uchun ruxsatnomalar berilgani alohida ta’kidlangan.

Bu haqdagi ma’lumot avvalroq “Makarenko effekti” Telegram kanalida e’lon qilingandi. Shuningdek, postga Ekologiya vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan “4 stroyupravleniye” MCHJga 528 tup, Discovery Invest MCHJga 41 tup, “Axangaransement”ga 63 tup daraxt kesish uchun berilgan ruxsatnomalar ilova qilingan.