Senatorlar Oliy Majlis palatalari o‘z faoliyatlarini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Hujjat sentabr oyida parlamentda deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgandi.

Unga ko‘ra, Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartiriladi. Har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Unga ko‘ra, o‘rinbosarlar fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, ular lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turadi.

Yuqoridgi qoidalar navbatdagi chaqiriqda Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritiladi.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkaziladi. Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantiriladi.

Yana bir muhim jihat, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkin. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tuziladigan maxsus komissiya o‘tkazadi. Shuningdek, Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatiladi.

Senatning quyidagi vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanadi:

  • Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • prezidentning taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
  • bosh vazir, hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.