15-yanvar kuni prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov Bryussel shahrida Yevropa komissiyasi prezidenti ijroiya apparatining siyosiy muvofiqlashtirish va boshqaruv bo‘yicha direktori Jivka Petkova bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Tomonlar 2022-yil 6-iyulda parafirlangan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KSHHB) tezroq imzolashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Muloqotda O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va mintaqaviy formatda amaliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

“Jivka Petkova O‘zbekiston tomonining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. U, shuningdek, O‘zbekistonning 2024-yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda muhim xomashyo sohasida, tegishli memorandum tuzish orqali o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarbligi ta’kidlandi.

Tomonlar ikki tomonlama va mintaqalararo xarakterdagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvalini ham muhokama qildi.