Bishkekdagi Birinchi may tumani sudi Temirov Live, “Ayt Ayt Dese”, “PolitKliniki” i “Archa media” nashrlarining 11 nafar jurnalistini ikki oyga hibsga oldi, deya xabar bermoqda 24.kg.

Hibsga olinganlarning aksariyati Temirov Live loyihasi xodimlari hisoblanadi, qolganlari esa avvalroq shu loyihada ishlagan, deb ta’kidladi agentlik.

Temirov Live — Qirg‘izistonning davlat va nodavlat tuzilmalaridagi korrupsiyaviy holatlarni surishtirish va yoritish bilan shug‘ullanadigan YouTube-nashr. U 2020-yilda huquq himoyachisi va jurnalist Bolot Temirov tomonidan tashkil etilgan. 2022-yilda mamlakat rasmiylari Qirg‘iziston va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Temirovni hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topib, Rossiyaga deportatsiya qilgan.

Jurnalistlar bir kun avval tartibsizliklarga da’vat qilish moddasi bo‘yicha ayblanib hibsga olingan, ularning uylari va ofisida tintuv o‘tkazilgan. Dastlab xavfsizlik kuchlari ular ishga guvoh sifatida jalb qilinganini ma’lum qildi, ammo keyinchalik vaziyat shubhali ko‘rinish oldi. Tegrov Temirov Live direktori va Bolot Temirovning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan Maxabat Tajibek kizini “jinoyat tashkilotchisi” deb hisoblamoqda.

Jurnalistlar besh yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Bungacha Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “„Ayt Ayt Dese“ va Temirov Live`da e’lon qilingan materiallarda ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish belgilari borligini” ma’lum qilgandi. Xabarda gap aynan qaysi materiallar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Bolot Temirovning BBC`ga izoh berishicha, jurnalistlarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganiga, uning fikricha, Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov haqidagi so‘nggi materiallar sabab bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nashr Ichki ishlar vazirligi rahbarining qarindoshlariga tegishli mol-mulklar va huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 750 ming dollar talon-toroj qilingani bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan.

  • 15-yanvar kuni Qirg‘izistonning 24.kg nashri tahririyatida ham tintuvlar o‘tkazilgan. Xavfsizlik kuchlari tahririyat texnikalarini tortib olib, nashr bosh direktori Asel Otarbayeva va ikki mas’ul muharrir — Anton Limar va Maxinur Niyazovani so‘roq qilish uchun olib ketgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tintuv va so‘roq ishlari “urushni propaganda qilish” jinoiy ishi doirasida tashkil etilganini ma’lum qilgan.
  • 16-yanvar kuni bir qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari qo‘shma bayonot e’lon qildi, unda Qirg‘iziston rasmiylari mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi jinoiy ishlarni bekor qilishga chaqirilgan.