Prezident 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab, yangi sement zavodlari qurishni taklif qilayotgan mutasaddilar haqida gapirdi.

“Mamlakatimizda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan. Lekin mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli”, — deya ta’kidladi prezident.

So‘nggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshgan. Prezident, shunga qaramay, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish o‘rni yaratgani, qo‘shilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligini qayd etdi.

So‘nggi uch yilda chetdan 14,2 mlrd dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.

“Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayaptimi, demak, yo loyiha „shishirilgan“, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Bosh prokuraturaga chetdan karrasiga qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirig‘ini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sement ishlab chiqaruvchilar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i miqdori reja qilingani kabi 2 baravar emas, 4 baravarga pasaytirilgandi. Qaror iqtisodiy rag‘batlantirish deya izohlandi, ammo bu rag‘batning atrof-muhit va inson sog‘lig‘iga ta’siri atroflicha muhokama qilinmadi. “Gazeta.uz” masalani o‘rganib, bu bo‘yicha batafsil material tayyorlagandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 35 ta sement zavodi (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 37 ta) faoliyat yuritadi va ularning ishlab chiqarish quvvati 26,7 mln tonnani tashkil etadi (32,7 million). Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat korxonalari sementga bo‘lgan ichki talabning 92 foizini qoplaydi (2019-yilda bu ko‘rsatkich 79 foiz edi).

oktabr oyida Ekologiya vazirligi Ўзбекистон atmosferasini ifloslantiruvchi asosiy sanoat tarmoqlari issiqlik elektr stansiyalari va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar ekanligini qayd etgandi.