Argentina terma jamoasi va “Inter Mayami” klubi futbolchisi Leonel Messi Londonda bo‘lib o‘tgan The Best FIFA Football Awards marosimida 2023-yilining eng yaxshi erkak futbolchisi deb topildi. U ovoz toplashda Erling Holand va Kilian Mbappedan o‘zib ketdi.

Ovoz berish jarayonida milliy terma jamoa murabbiylari hamda sardorlari, shuningdek, jurnalistlar va muxlislar ishtirok etdi. Dastlab Messi va Holand ham 48 ochkodan to‘plab, natijalari teng bo‘lib qoldi. Reglamentga ko‘ra, Messi terma jamoa sardorlari tomonidan berilgan ovozlar ko‘pligi bois sovringa ega chiqdi. Fransiya terma jamoasi hujumchisi Mbappe 35 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Ovoz berishda O‘zbekiston vakillari ham qatnashdi, jumladan, O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov quyidagicha ovoz bergan: 1) Messi; 2) Mbappe; 3) Holand.

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiysi: 1) Messi; 2)Holand; 3) Mbappe.

Sharhlovchi Davron Fayziyevning tanlovi esa quyidagicha bo‘ldi: 1) Holand; 2) Messi; 3) Mbappe.

Messi 2019 va 2022 yilda ham FIFAning eng yaxshi erkak futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Shuningdek, Messi 17 marta yil terma jamoasi tarkibiga kiritilgan ilk futbolchi bo‘ldi. Yil tema jamoasida Messidan tashqari darvozabon Tibo Kurtua, himoyachilar Kayl Uolker, Jon Stouns, Ruben Diash, yarim himoyachilar Bernardo Silva, Jud Bellingem, Kevin De Bruyne, hujumchilar Erling Holand, Kilian Mbappe Vinisius Junior o‘rin oldi.

the best, лионель месси, фифа

Marosimning boshqa sovrindorlari:

  • Eng yaxshi ayol futbolchi — Aitana Bonmati (Ispaniya, “Barselona”);
  • Eng yaxshi erkak darvozabon — Ederson (Braziliya, “Manchester Siti”);
  • Eng yaxshi ayol darvozabon — Mari Erps (Angliya, “Manchester Yunayted”);
  • Eng yaxshi erkak murabbiy — Pep Gvardiola (“Manchester Siti”);
  • Eng yaxshi ayol murabbiy — Sarina Uigman (Angliya);
  • Pushkash sovrini — Guilherme Madruga.

Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2023-yilning oktabr oyida o‘zining sakkizinchi “Oltin to‘p”ini qo‘lga kiritgandi.