16-yanvar kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari inflyatsiyani jilovlashni o‘ylamayotgani tanqid qilindi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, 2023-yilda inflyatsiya 9 foizdan pasaygan. Lekin ko‘plab masalalar narx-navo oshib, odamlar norozi bo‘lganidan so‘ng “qo‘l boshqaruvi” bilan hal bo‘lmoqda.

Ta’kidlanishicha, narx qimmatlagani uchun 61 turdagi iste’mol mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlari bekor qilingan, ammo ushbu mahsulotlarni O‘zbekistonda ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash haqida o‘ylanmagan.

Farg‘ona (Farg‘ona viloyati), Jomboy (Samarqand viloyati), Elliqqal’a (Qoraqalpog‘iston), Parkent tumanlari va Yangiyo‘l shahrida (Toshkent viloyati) mol go‘shti, Konimex (Navoiy), Oltinko‘l, Bo‘ston tumanlari (Andijon) va Zarafshon shahrida (Navoiy) tuxum narxi oshganiga ushbu hududlar rahbarlari xotirjam qarab o‘tirgani tanqid qilindi.

Bosh vazirga ushbu tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Avvalroq mazkur yig‘ilishda bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgandi.