Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni Yevropa Ittifoqining Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida Yevroittifoqning yuqori martabali vakili YeI va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan tabriklab, davlat rahbariga Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevrokengash raisi Sharl Mishelning salomini yetkazdi.

YeI bilan ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Avvalgi yillarda YeI prezidenti Sharl Mishelning O‘zbekistonga tashrifi, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevroittifoq rahbarlarining ikkita uchrashuvi, o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Samarqand konferensiyasi o‘tkazilgan edi.

YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasi amalga oshirilmoqda. “Markaziy Osiyo-YeI” birinchi sammitini O‘zbekistonda tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Yanvar oyi oxirida Bryusselda ikki mintaqaning transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik Investorlar forumi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo o‘sib bormoqda, o‘tgan yili uning hajmi 30 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yuqori texnologik tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. YeIning O‘zbekiston uchun savdo preferensiyalari amal qilish muddati uzaytirildi.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy masalalar, xususan, Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish yuzasidan fikr almashildi.