16-yanvar kuni O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari o‘rtasida kirish viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risidagi hamkorlik protokoli imzolandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 30 kundan oshmagan muddatda BAA hududida viza talablaridan ozod etiladi.

Hukumatlararo hamkorlik protokoli O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi A.Aqqulov va mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xolid Abdulla Belhul tomonidan imzolandi. Hujjat rasman 2024-yil 16-fevraldan kuchga kiradi.

Shuning bilan viza rasmiylashtirmasdan boriladigan mamlakatlar soni 29 taga yetdi va O‘zbekistonni Global Passport Power reytingida 71 o‘ringa ko‘tarildi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2023-yil davomida BAAga 119 ming 454 nafar o‘zbekistonlik tashrif buyurgan va 9,2 mln dollar miqdorida viza rasmiylashtirish uchun sarf qilgan.