Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tumani sudi 16-yanvardagi qarori bilan harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomati yo‘qligi sababli Nuz.uz (“O‘zbekiston yangiliklari”) internet-nashri jurnalisti Mixail Dovlatovga nisbatan ma’muriy ishni tugatdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 14-yanvar kuni mahallalardan birida aholi vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan Mixail Dovlatov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi. U taxminan 5 soat davomida qo‘yib yuborilmagan va jamoat joyida chekkani uchun jarimaga tortilgan.

U ishlaydigan tahririyat “O‘zbekistonning bir nechta qonunlari” qo‘pol ravishda buzilganini ta’kidlagan. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, qamoqda saqlash tartibi va qoidalari shular jumlasidandir.

Jurnalist, shuningdek, u bilan uchrashmoqchi bo‘lgan aholi uzoq muddat ushlab turilgani haqida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida unga ruxsat etilmagan miting uyushtirgani aytilgan. Rejalashtirilgan uchrashuv joyida odamlarni politsiya xodimlari va avtozak kutib turgan.

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi Mixail Dovlatovga nisbatan jamoat joyida chekkanlik aybi bilan bayonnoma tuzilgani haqida xabar berdi. Ishda boshqa ayblovlar bor yoki yo‘qligi ma’lum emas. Ichki ishlar vazirligi ikki kundan beri sodir bo‘lgan voqea, shuningdek, aholining ushlab turilgani haqidagi ma’lumotga izoh bergani yo‘q.

Seshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vaziyatga huquqiy baho berish, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan rasmiy tushuntirish olish va kelgusida bunday holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga so‘rov yuborganini ma’lum qildi.