O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 13-yanvar kuni Tayvanda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari yuzasidan bayonot berdi.

Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Tayvanda bo‘lib o‘tgan saylovlar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

“„Yagona Xitoy“ tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimiz va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Xitoyning yagona qonuniy hukumati, Tayvan esa Xitoy hududining ajralmas qismi ekanligini yana bir bor ma’lum qilamiz”, — deya ta’kidladi TIV.

O‘zbekiston ikki sohil o‘rtasidagi munosabatlarning tinch yo‘l bilan rivojlanishining qat’iy tarafdori hamda XXR hukumatining Xitoyni birlashtirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Tayvandagi saylovlar

Xitoydan mustaqillik va AQSh bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan hukmron Demokratik taraqqiyot partiyasi nomzodi, amaldagi vitse-prezident Lay Sinde (Uilyam Lay nomi bilan ham tanilgan) Tayvandagi prezidentlik saylovida 40% dan ortiq ovoz bilan g‘alaba qozondi.

Foto: LETAFoto: LETA

Uning asosiy raqibi Yangi Taypey meri Xou Yui edi, u konservativ Gomindan partiyasidan chiqqan va Pekin bilan faolroq diplomatik hamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish tarafdori edi.

Ovozlarning 98 foizini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Lay Sinde 40,2 foiz, Xou Yui 33,4 foiz ovoz oldi.