Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat komissiyasi Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kirilgan “shubhali” elektrotexnika mahsulotlarining kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarini (CT-1) qayta tekshirishni buyurdi. Bu 25-dekabrdagi 118-sonli komissiya bayonnomasida nazarda tutilgan (“Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud).

Gap 2021−2022-yillarda Qozog‘istondan olib kelingan elektr jihozlari haqida bormoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekekspertiza” kompaniyasi va Bojxona qo‘mitasi sertifikatlarni tekshirib, “aniqlangan holatlar bo‘yicha tartibga solish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi” zarur.

“Gazeta.uz”ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, rasmiylar Qozog‘istondan elektr jihozlari importi ko‘payganidan xavotirda va mahsulotlar aslida Xitoy tomonidan yetkazib berilayotganini gumon qilmoqda. Xususan, ta’kidlanishicha, xitoylik yetkazib beruvchilar mahalliylashtirish bilan bog‘liq minimal xarajatlar tufayli elektrotexnikalarni (konditsionerlar, muzlatgichlar va boshqalar) Qozog‘istonda yig‘ib, MDH davlatlari o‘rtasidagi erkin savdo shartnomasiga asosan O‘zbekiston bozoriga bojsiz yetkazib bermoqda.

Bundan tashqari, bayonnomada bir oy muddatda Toshkent shahridagi “Texnopark” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan sovutish tizimlari (fankoyl, chiller va boshqalar), gaz qozonlari, quyosh suv isitgichlari va “aqlli” gaz hisoblagichlarga mahsulotlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatini (CT-1) belgilangan tartibda rasmiylashtirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Noyabr oyi oxirida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi olti yilda elektrotexnika sohasida umumiy qiymati 640 million dollar bo‘lgan 224 ta loyiha ishga tushirilgani ma’lum qilingan edi. Eksport hajmi 2023-yil oxirigacha 1 milliard dollarga yetishi kutilgan. Shu bilan birga, har yili mamlakatga 800 million dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilinadi. Umuman olganda, mintaqada 3 milliard dollarlik bozor bor.

Shavkat Mirziyoyev sohada ilg‘or texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar yo‘naltirilishini ma’lum qilgandi.