11-yanvar kuni Gaagadagi Xalqaro sud Janubiy Afrikaning G‘azo sektoridagi genotsid to‘g‘risidagi konvensiyasini buzganlikda ayblangan Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha tinglovlarni boshladi.

Da’voning mohiyati

Janubiy Afrika 29-dekabr kuni BMT sudiga Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi. Unda aytilishicha, 2023-yil 7-oktabrda HAMAS hujumidan so‘ng boshlangan Isroilning G‘azo sektoridagi falastinliklarga qarshi “harakat va harakatsizligi” “genotsid”dir, “chunki bu Falastin aholisining katta qismini — irqiy va etnik guruhini yo‘q qilishga qaratilgan”.

Janubiy Afrikaning fikricha, Isroil hukumati BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yilda qabul qilingan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzmoqda. U Ikkinchi jahon urushidan keyin yahudiy xalqining genotsidi fonida ishlab chiqilgan.

Hujjatni 150 dan ortiq davlatlar, jumladan, Janubiy Afrika va Isroil ratifikatsiya qilgan. Konvensiyaning 8-moddasiga ko‘ra, har bir tomon genotsid sodir etayotgan deb hisoblagan boshqa davlat ustidan shikoyat qilishi mumkin — hatto bu Janubiy Afrikadagi kabi mojaro bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasa ham.

Konvensiyada genotsid “milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida qilingan harakatlar” deb ta’riflanadi.

Bayonotda Janubiy Afrika, shuningdek, sudni falastinliklarni huquqlarining “yanada jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan” buzilishidan himoya qilish va “Isroilning konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini ta’minlash” uchun profilaktik choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu chora-tadbirlar Isroilning anklavdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatish buyrug‘ini anglatadi.

Janubiy Afrika nima deyapti?

Janubiy Afrikalik huquqshunoslar munozaralarni ochishda G‘azodagi joriy urush Isroilning o‘nlab yillar davomida falastinliklarga zulmining bir qismi ekanligini aytdi.

“Janubiy Afrika Isroil davlatining genotsid harakatlari va harakatsizligi muqarrar ravishda 1948-yildan beri Falastin xalqiga qarshi sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarning bir qismi ekanligini tan oladi”, dedi Janubiy Afrika delegatsiyasi hamraisi Vusimuzi Madonsela.

Janubiy Afrika Adliya vaziri Ronald Lamola Janubiy Afrika bir tomonlama ravishda HAMASning Isroil fuqarolariga uyushtirgan hujumlarini va 7-oktabr kuni odamlarni garovga olishini qoraladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, “qanchalik jiddiy bo‘lmasin, hech qanday qurolli hujum, xoh huquqiy, xoh ma’naviy jihatdan konvensiyaning buzilishini oqlamaydi”.

“Isroilning 7-oktabr hujumiga qarshi javobi bu chegarani kesib o‘tdi va genotsid konvensiyasining buzilishiga olib keldi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

BMT sudiga 84 sahifalik taqdimnomada Janubiy Afrika Isroil G‘azo sektorida falastinliklarni o‘ldirish, ularga og‘ir ruhiy va jismoniy zarar yetkazish, evakuatsiya qilishga majburlash, ocharchilik va “ularning jismoniy halokatiga olib keladigan sharoitlarni yaratish orqali” genotsid sodir etayotganini ko‘rsatadigan dalillarni taqdim etdi.

Janubiy Afrikani vakillik qilgan advokatlardan Adila Hassimning aytishicha, G‘azodagi falastinliklar qayerda boshpana izlasa, Isroilning tinimsiz bombardimonlari oqibatida halok bo‘lmoqda.

“Isroil tomonidan sodir etilgan qotillik darajasi shunchalik kattaki, G‘azo sektorida xavfsiz joy yo‘q”, dedi va vayronagarchilik “insonparvalrik u yoqda tursin, hatto har qanday qonuniy nuqtai nazaridan ham oqlanishi mumkin emas”ligini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, sudga Isroil rahbarlari, jumladan, bosh vazir Benyamin Netanyaxu, mudofaa vaziri Yoav Gallant va prezident Isaak Gertsogning nutqlaridan iqtiboslar keltirildi, ular janubiy afrikalik huquqshunoslarning fikricha, genotsid niyatini aniq ifodalagan.

Isroil nima deyapti?

Isroil Janubiy Afrikaning ayblovini qat’iyan rad etib, uni “g‘azablangan qonli tuhmat” deb atadi.

“Bunday bayonot hech qanday faktik va huquqiy asosga ega emas va olti million yahudiy halok bo‘lgan yahudiy xalqining Xolokostidan kelib chiqqan genotsid tushunchasidan qo‘pol va haqoratli tarzda foydalanishdir”, — deyiladi Isroil TIV bayonotida.

Vazirlik Isroil xalqaro huquqqa sodiqligini va ularga muvofiq harakat qilishini ta’kidladi. Bayonotda ta’kidlanishicha, Isroilning “harbiy harakatlari” “faqat HAMAS va Sektordagi boshqa terrorchi tashkilotlarga qarshi qaratilgan”.

“Isroil G‘azo sektori aholisi uning dushmani emasligini va tinch aholi qurbonlarini minimallashtirish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlashga intilyapti”, — dedi Isroil TIV.

Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, HAMAS G‘azo aholisining azob-uqubatlari uchun javobgardir, chunki guruh “ulardan ataylab tirik qalqon sifatida foydalanmoqda va ular uchun mo‘ljallangan gumanitar yordamni o‘g‘irlamoqda”.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Janubiy Afrikaning da’vosi bo‘yicha sud majlisining ochilishi arafasida video e’lon qildi, unda u Tel-Aviv G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti natijasida anklavni doimiy ravishda egallash niyatida emasligini aytdi.

“Men bir nechta narsalarga aniqlik kiritmoqchiman. Isroil G‘azoni doimiy ravishda bosib olish yoki tinch aholini ko‘chirish niyatida emas. Isroil Falastin aholisiga emas, HAMAS terrorchilariga qarshi kurashmoqda va biz buni xalqaro qonunlarga to‘liq rioya qilgan holda qilyapmiz”, — dedi Netanyaxu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi “tinch aholi qurbonlarini kamaytirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda, HAMAS esa falastinlik tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanish orqali ularni maksimal darajada oshirish uchun hamma narsani qilmoqda”.

“Bizning maqsadimiz G‘azo sektorini HAMAS terrorchilaridan tozalash va garovga olinganlarni ozod qilishdir. Bunga erishilsa, G‘azoni qurolsizlantirish va deradikalizatsiya qilish mumkin, bu esa Isroil uchun ham, falastinliklar uchun ham yaxshiroq kelajakni yaratish imkoniyatini yaratadi”, — dedi Netanyaxu.

Isroil tomoni 12-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisida o‘z dalillarini taqdim etishi kutilmoqda.

Xalqaro sud haqida

Xalqaro sud Gaagada joylashgan, lekin uni BMT organi bo‘lmagan va boshqa yurisdiksiyaga ega bo‘lgan Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bilan adashtirmaslik kerak.

Xalqaro sud 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilish bilan shug‘ullanadi.

Janubiy Afrikaning Isroilni genotsidda ayblagan ishi hal qilinishi uchun yillar kerak bo‘ladi. Ammo Janubiy Afrika talab qilgan ehtiyot choralari bo‘yicha sud hukmi bir necha hafta ichida e’lon qilinishi mumkin. 11−12-yanvar kunlari bo‘lib o‘tayotgan mazkur tinglovlar shu masalaga bag‘ishlandi.

Sudning qarorlari ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas va uni bajarish majburiydir, garchi hokimiyatda ularning ijrosini ta’minlash mexanizmlari mavjud bo‘lmasada.

“Shunga qaramay, Isoilga qarshi qaror uning obro‘siga putur etkazadi va huquqiy pretsedent yaratadi”, — deb ta’kidladi The Guardian.

Mojaroning xronologiyasi

  • 2023-yil 7-oktabrda Falastindagi HAMAS guruhi Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirdi va 200 dan ortiq odamni garovga oldi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 23 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 59 mingga yaqin kishi jarohatlangan.