O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini tezda normal holatga keltirish choralarini taklif qildi.

Avvalroq yozganimizdek, Ekologiya vazirligining o‘zi ham havoni muhofaza qilish bo‘yicha bir qator ishlarni rejalashtirgan. Jumladan, atrof-muhitga ta’siri 1 va 2 toifali sanoat korxonalarida chang va gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, mavjudlari rekonstruksiya qilinadi va modernizatsiya qilinadi.

Bu hududlarda havoni ifloslantiruvchi manbalarni nazorat qiluvchi postlar joriy etiladi, atrof-muhitni nazorat qiluvchi stansiyalar o‘rnatiladi.

Bundan tashqari vazirlik quyidagilarni taklif qildi:

  • “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (Ai-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
  • avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;
  • 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektromobil) imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
  • so‘nggi yillarda avtomobil yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
  • shaharning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;
  • jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;
  • barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
  • Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;
  • mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
  • Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
  • ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish;
  • atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish.

Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillarni ham aytib o‘tdi: sifatsiz yoqilg‘ida yuradigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan chiqindilar, issiqlik va elektr stansiyalarida ko‘mir va mazutdan foydalanish, bosh rejasiz qurilish ishlari va daraxtlarni kesish shular jumlasidan.