Qayta tiklanadigan energiyaning global quvvati 2023-yilda 2022-yilga nisbatan 50 foizga oshib, 510 gigavatt (GVt) ga yetdi. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yuqori o‘sish sur’ati bo‘ldi, deyiladi Xalqaro energiya agentligi (International Energy Agency — IEA) yangi hisobotida.

Hisobot mualliflari prognoz qilishlaricha:

  1. 2024-yilda shamol va quyosh energiyasi birgalikda gidroenergetikadan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi.
  2. 2025-yilda barcha qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvati ko‘mir ishlab chiqarishdan ham oshadi va eng yirik elektr energiyasi manbaiga aylanadi.
  3. Shamol elektr stansiyalari 2025-yilda atom elektr stansiyalarini, 2026-yilda esa quyosh elektr stansiyalarini ortda qoldiradi.
  4. 2028-yilda qayta tiklanadigan energiya global elektr energiyasi ishlab chiqarishning 42 foizdan ortig‘ini, shamol va quyosh ulushi esa 25 foizini tashkil qiladi.

Kelgusi besh yil ichida deyarli 3700 GVt yangi qayta tiklanadigan quvvatlar tarmoqqa qo‘shiladi. Qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishning jadal o‘sishi ushbu sohani 130 dan ortiq mamlakatlarda keng ko‘lamli siyosiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.

Qayta tiklanadigan energiya manbalarining global o‘sishining 95 foizi quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hissasiga to‘g‘ri keladi — 2028-yilga borib, har yili qo‘shiladigan quyosh va shamol quvvatlari hajmi 2022-yilga nisbatan ikki baravardan ko‘proq oshadi va qariyb 710 GVtga yetadi. Bunga “yashil energiya”ni ishlab chiqarish xarajatlari qazib olinadigan yoqilg‘ilardan ishlab chiqarishga nisbatan past bo‘lishi yordam beradi.

2023-yilda yangi quyosh va shamol quvvatlarining 96 foizi yangi ko‘mir va gaz elektr stansiyalariga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlari pastligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 2023-yilda quyosh panellarining narxi yillik hisobda qariyb 50 foizga pasaygan va ularning dunyoda ishlab chiqarish hajmi 2021-yilga nisbatan uch barobarga oshgan.

2028-yil oxiriga qadar dunyoda yangi qayta tiklanadigan energiya quvvatlarining 60 foizigacha bo‘lgan ulushi Xitoyga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

2023-yil dekabr oyida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitida (COP28) 120 dan ortiq davlat qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni kamaytirish uchun 2030-yilga kelib dunyoning qayta tiklanadigan energiya imkoniyatlarini uch barobar oshirishga kelishib oldi. Hujjatda O‘zbekiston ham o‘z imzosini qoldirdi.