O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yanada ko‘proq imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25-dekabrdagi 118 sonli bayonnomasida ko‘zda tutilgan (“Gazeta.uz”da uning nusxasi mavjud).

Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va “O‘eltexsanoat” uyushmasiga ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar nazarda tutilgan takliflarni kiritish topshirildi:

  • elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning marketing tadqiqotlari va reklamaga doir xarajatlarni foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan 2 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda chegirish;
  • yirik auditor va reyting agentliklarini sohada marketing va auditorlik o‘rganishlar olib borish bilan bog‘liq harajatlarni qoplash;
  • elektrotexnika tarmog‘i korxonalari, jumladan, servis xizmati ko‘rsatish korxonalari o‘z xizmatlarini bozor narxlaridan past qiymatda amalga oshirgan taqdirda, istisno tariqasida soliq oqibatlariga olib kelmaslik;
  • elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga soliq va bojxona QQSlarini kechiktirib to‘lashda ularga hisoblanadigan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidagi foizlarni qo‘llamagan holda to‘lash muddatlarini 180 kungacha kechiktirib to‘lash mexanizmini joriy etish;
  • xorijiy tajribadan kelib chiqib, maishiy texnika vositalarini mamlakatimizga import qilishda maxsus bojxona bojlarini (antidemping bojlari — o‘rtacha 10 foizlik) joriy etish;

Bundan tashqari, elektrotexnika sohasida muddati tugayotgan amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari muddatlarini o‘tish davrini hisobga olgan holda 2027-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlash topshirildi.

Yirik xorijiy savdo tarmoqlariga kechiktirib to‘lash sharti asosida mahsulot eksport qilishda elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan xorijiy davlatlarda “faktoring” va “valyuta kursini xedj qilish” xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan elektrotexnika sanoati korxonalari uchun eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun import qilinadigan butlovchi qismlar va xomashyolarni import qilishdagi transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini ishlab chiqaruvchi eksportyorlarga yoki xalqaro transport yuk tashuvchi korxonalarga kompensatsiya qilish tizimini joriy etish so‘raldi.

Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2017−2022-yillar mobaynida tadbirkorlarga taqdim etilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash (maqsadli yoki maqsadsizligi) bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosa kiritish topshirildi. Gap investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 7 yilgacha muddatga elektrotexnika sanoatida yangi tashkil etilayotgan korxonalarga beriladigan imtiyozlar (korporativ daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i, chegirmalar va boshqalar) haqida ketmoqda.

Bundan tashqari, eksportchi korxonalar ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida o‘z tashabbusi va mablag‘lari hisobidan qatnashgan hollarda ham ularning xarajatlari Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilishi hamda eksportchi korxonalar tomonidan elektrotexnika mahsulotlariga barcha turdagi hududiy va xorijiy mamlakatlarning mahalliy sertifikatlarini olish uchun qilingan harajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda.

Mas’ul vazirlik va idoralarga mahalliy sanoat tarmoqlarining import va eksport qilishdagi transport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida har moliya yili avvalida yirik xalqaro logistika kompaniyalarining arzonlashtirilgan logistika kvotalari bron qilinishi bo‘yicha topshiriq berilishi kutilmoqda. Eksportni rag‘batlantirish agentligi kvotalarni sotib olish va taqsimlash uchun vakolatli davlat organi etib belgilash va kvotalarni sotib olish, taqsimlash va ulardan foydalanishni tashkillashtirish ishlarini mukofot puli eksportchi korxonalarga taqsimlanadigan kvotaning 1 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati 2021−2022-yillarda qo‘shni mamlakatdan import qilingan “shubhali” elektrotexnika mahsulotlarining CT-1 sertifikatlarini qayta tekshirishi haqida xabar berilgandi.