5-yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolari Navoiy shahrida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasida bo‘ldi, deya xabar bermoqda ombudsman matbuot xizmati.

Mahkumlarning yotoq joylari ko‘zdan kechirilganda, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashilgan. Koloniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatga ko‘ra, u qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini o‘tamoqda.

Suhbat davomida Tajimuratov “koloniyadagi oziq-ovqat ta’minoti yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari mavjud emasligi, davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limi tomonidan tibbiy yordam kerak bo‘lganda vaqtida yordam ko‘rsatilayotganini” ma’lum qilgan.

“Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari ta’minlamoqda va ushbu kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar o‘rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o‘tkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.

Tashrif davomida, boshqa mahkumlar bilan ham suhbatlashildi, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar ham o‘rganilgan. Kamchiliklar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ma’lumot uchun, jamoatchilik guruhlari a’zolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati va “Huquqiy tayanch” NNT raislari ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT mustaqil ekspertlari huquq himoyachisi Dauletmurat Tajimuratov 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan Urganchdagi 11-tergov izolyatorida jismoniy va ruhiy bosimga uchraganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik ombudsman idorasi Tajimuratov qiynoqlar haqida xabar bermaganini bildirgan.