11-yanvar kuni soat 8:00 holatiga ko‘ra Toshkent havosidagi RM2,5 zarrachalari miqdori avvalgi kunga nisbatan unchalik o‘zgarmadi va 85,5 mkg/m3 ni tashkil etdi, deb xabar berdi O‘zgidromet. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan (5 mkg/m3) 17 marta yuqori (soat 20:00 holatiga ko‘ra 19,4 marta yuqori bo‘lgandi).

Shaharda, aholining xabar berishicha, kuyundi hidi bor. Buni “Gazeta.uz” muxbirlari tasdiqlaydi.

IQAir xizmati reytingida O‘zbekiston poytaxti xabar e’lon qilingan vaqtda 12-o‘rinda edi (kechqurun — 8-o‘rin bo‘lgan). Xizmat ochiq havodagi ishlardan tiyilish, tibbiy niqob taqish, derazalarni ochmaslik va agar mavjud bo‘lsa, havo tozalagichdan foydalanishni tavsiya qiladi.

RM10 zarralari (191,4 mkg/m3, SanPiN bo‘yicha ruxsat etilgan konsentratsiya — 500 mkg/m3) va uglerod oksidi (0,8 mg/m3, ruxsat etilgan maksimal konsentratsiya — 5 mg/m3) miqdori me’yorda bo‘ldi.