11-yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza viloyatining Nijnelomovskiy tumanida yuk mashinasi va mikroavtobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Natijada mikroavtobusdagi yetti kishi, jumladan haydovchi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining tergov boshqarmasi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mikroavtobusda O‘zbekiston fuqarolari ketayotgan bo‘lgan, dedi Nijnelomovskiy tumanlararo prokurori Andrey Yarosh.

RIA Novosti manbalariga tayanib xabar berishicha, hodisa oqibatida 7 kishi vafot etgan, ikki kishi jarohatlangan. Keyinroq jarohati olgan yo‘lovchilardan biri vafot etgan, yana biri og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Agentlikning xabar berishicha, mikroavtobus O‘zbekiston davlat raqami bilan harakatlangan.

YTHning ayrim sabablari ochiqlandi: JAC mikroavtobusi haydovchisi, 1981-yilda tug‘ilgan erkak Moskva tomon ketayotib, qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan va Volvo og‘ir yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi voqea sabab 7 nafar o‘zbekistonlik vafot etganini tasdiqladi.

Hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-bandi (iste’molchilar xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash talabiga javob bermaydigan ravishda xizmat ko‘rsatish va ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ko‘p odamlarning o‘limiga sababchi bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.