O‘zbekiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) deputati Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida “Salimboy” laqabi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliyevni birgalikda so‘roq qildi. Bu haqda AKIpress axborot agentligi xabar berdi.

Emil Jamg‘irchiyev qaysi ishi bilan tanilgan?

24.kg xabariga ko‘ra, 2020-yilda Qirg‘iziston moliya politsiyasining sobiq xodimi, hozirda parlament deputati Emil Jamg‘irchiyev va hukumat apparati sobiq rahbari Baktibek Qalmuratov kontrabanda to‘g‘risidagi jinoiy ish bo‘yicha masalalarni ijobiy hal etish uchun tadbirkordan pora olganlikda ayblangan. Jabrlanuvchi Emir Emilkanov ayblanuvchiga qo‘ygan da’volaridan voz kechgan. Pervomayskiy tuman va Bishkek shahar sudlari har ikki ayblanuvchini jinoiy dalil bo‘lmagani uchun oqlagan.

2022-yil 6-dekabrda Bosh prokuratura Oliy sudga Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan oqlov hukmini bekor qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritgan. 26-dekabr kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi deputat qidiruvda ekani, biroq tez orada o‘zi kelgani, ma’lum bo‘lishicha, u otasiga qarash uchun haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqqanni xabar qilgan. Natijada, 2023-yil yanvar oyida Oliy sud yangi ochilgan holatlar tufayli ishni qo‘shimcha tergovga yuborgan.

Qirg‘iziston parlamentining yana bir deputati Alisher Erbayevga ma’lumotlariga ko‘ra, Jamg‘irchiyevga nisbatan 2022-yil dekabrida qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik aybi bilan jinoiy ish ochilgan. Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, Salim Abduvaliyev bilan uchrashish uchun Jomg‘irchiyev Toshkentga kelgan.

“Uchrashuvdan so‘ng, Jamg‘irchiyev o‘zining chegarani noqonuniy kesib o‘tganini yashirish maqsadida 2022-yil 16-dekabr kuni yashirincha chegarani kesib o‘tib, Bishkek shahriga qaytgan. O‘zbekiston ushbu fakt bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi va Jamgirchiyev qidiruvga berildi. Emil Jamg‘irchiyev vaqtinchalik turgan mehmonxona xonasida tintuv o‘tkazilib, soxta guvohnoma topildi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning tegishli davlat idoralari deputatning Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasini hech qachon qonuniy yo‘l bilan kesib o‘tmaganini ma’lum qildi”, — dedi Erbayev.

“Tergov chegarani noqonuniy kesib o‘tish dalillarini taqdim etdi. Biz bunga ishondik, chunki O‘zbekiston tomoni ham Jamg‘irchiyevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan”, — dedi u.

AKIpress xabariga ko‘ra, Emil Jamg‘irchiyev 9-yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani rejalashtirgan, biroq anjuman o‘tkazilmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan, shu vaqt deputat g‘oyib bo‘lgan. Xabar qilinishicha, hibsga olishga urinish chog‘ida Jomgirchiyev parlament binosining ikkinchi qavat oynasidan sakrab qochib ketgan.

Salim Abduvaliyevni so‘roq qilish

10-yanvar kuni Jogorku Kenesh yig‘ilishida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng tergovchilar va tezkor xodimlar O‘zbekistonga borib, o‘zbekistonlik hamkasblar bilan birgalikda avvalroq boshqa jinoiy ish bo‘yicha hibsga olingan tadbirkor Salim Abduvaliyevni so‘roq qilishganini ma’lum qildi.

Salim Abduvaliyev. Foto: Jahongir Latipov / YouTube.Salim Abduvaliyev. Foto: Jahongir Latipov / YouTube.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev undan yordam va “Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni” so‘ragani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Ammo Abduvaliyev Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.

“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev Salimboyning yordamchisini “chuv tushurgani”ni aytdi. Yordamchi ham guvohlik berdi. Jamg‘irchiyev bir necha kun mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay g‘oyib bo‘lgan. Shu bois O‘zbekistonda unga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan: birinchisi firibgarlik, ikkinchisi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik uchun”, — dedi Tashiyev.

Muhokama chog‘ida deputat Suyunbek Omurzoqov Salim Abduvaliyev kimligini so‘radi.

“Siz javobini hamma biladigan savol beryapsiz”, — deb javob berdi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

“Bilaman. Hamkasbimiz hammamizni sharmanda qildi. […] Salim boyvachcha O‘zbekistondagi uyushgan jinoiy guruh yetakchilaridan biri. U yaqinda hibsga olingan. Bularning barchasi materiallarda ko‘rsatilishi kerak. Shunaqasi ham bo‘ladimi? Boshqa davlatning uyushgan jinoiy guruhi yetakchisiga borib, yordam so‘rash… Buni boshqacha tushunishimiz mumkin. Nega ular uyushgan jinoiy guruhlarga murojaat qilishadi? Muammoni hal qilish uchun. Biz Emil Jamg‘irchiyevni juda qo‘llab-quvvatladik, lekin u noto‘g‘ri ish qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz unga kelib, hammasi noto‘g‘ri bo‘lsa, bizga aytishini ma’lum qildik. „Toza“ bo‘lganida, kelib javob berishi kerak edi”, — deydi Suyun Omurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, qo‘lga olingan tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.