Olimjon Alijonovich To‘ychiyev Turin politexnika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Shu munosabat bilan u 2023-yilning yanvaridan buyon ishlab kelayotgan vazirlik huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori lavozimidan ozod qilindi.

Olimjon To‘ychiyev 1991-yil Toshkent viloyati Bekobod shahrida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2015-yil mashinasozlik muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr darajasi va 2017-yili mexatronika yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik darajasiga ega bo‘lgan. Shuningdek, 2016−2017-yillarda Germaniyaning Xoxenxaym universitetida ham tahsil olgan.

To‘ychiyev 2013-yil ovoz orqali masofadan boshqarilib, turli topshiriqlarni bajaradigan, o‘zbek tilini tushunadigan birinchi robotni yaratib, fan va texnika sohasida, ayniqsa, robototexnika sohasini yoshlar o‘rtasida keng ko‘lamda ommalashtirish yo‘lida qo‘shgan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2017-yil “Kamolot” YOIH qurultoyida prezident tomonidan Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2019-yilning martida innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. 2021-yilning aprelidan ushbu lavozimdan ketgan.