Qozog‘istonda 2023-yil dekabrida mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” nomli memuarlar kitobi qozoq va rus tillarida sotuvga chiqqan edi. Avvalroq “Gazeta.uz” 708 betlik kitobning O‘zbekiston, xususan, mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov haqida so‘z borgan parchalarining o‘zbekcha tarjimasini havola qilgan edi.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

Aksariyat kuzatuvchilar Nursulton Nazarboyevning prezidentlik davridagi eng katta xizmatlaridan biri sifatida qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalari deyarli hal etilganini ko‘rsatadi. Nazarboyevning o‘zi ham “Mening umrim” kitobida bu mavzuga “Chegaralarni mustahkamlash” nomli katta bir bobni bag‘ishlagan. Unda Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan chegara masalasidagi bahslar qanday hal etilgani haqida so‘z boradi.

Shu bobning “Bahslarda erishilgan natija” kichik bobining katta qismi O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasi mavzusiga bag‘ishlangan. Unda Nursulton Nazarboyev gapni ikki respublika o‘rtasidagi yer oldi-berdilari tarixidan boshlab, Toshkent O‘zbekiston emas, balki Qozog‘iston poytaxtiga aylanishiga bir bahya qolganiga to‘xtalgan, 2000-yillar boshida O‘zbekiston bilan chegara masalasi qanday hal qilinganini hikoya qilgan.

Quyida kitobning ushbu parchasi o‘zbek tilida to‘liq keltiriladi.

Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim” kitobi “Bahslarda erishilgan natija” kichik bobidan

Chegara haqida gap boshlanganida, ko‘pchilik O‘zbekiston bilan muzokaralar qiyinroq kechsa kerak, degan xayolga borgandi. Ammo unday bo‘lgani yo‘q. Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbariyati ilk kunlardanoq 1991-yilgi Olmaota deklaratsiyasini imzolagan davlatlarning shu kungacha shakllangan chegaralar daxlsizligini tan olishiga doir nuqtai nazariga sodiq qoldi. Hatto eng og‘ir damlarda ham biz birodar ikki mamlakat, umumiy chuqur ildizlarga ega ikki qardosh xalq o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik bayrog‘ini baland tutdik.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara dastlab 1924−1925-yillardagi O‘rta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi davrida belgilangan. U vaqtlarda Qozog‘iston RSFSR tarkibida bo‘lgani bois, bunda gap RSFSR va O‘zbekiston SSR chegarasi haqida borgan. 1956-yili Bo‘stonliq tumani, shuningdek, Mirzacho‘lning bir qismi O‘zbekistonga o‘tkazilishi birodar respublikalar o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Albatta, o‘sha davr tamoyillariga ko‘ra, avvaliga Qozog‘iston SSR Oliy Soveti ko‘rsatib o‘tilgan hududlarni O‘zbekistonga berish haqida qaror chiqargan, oradan uch kun o‘tib O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Qozog‘istondan berilgan yangi yerlarni qabul qilib olish haqida qaror qabul qilgan; oradan bir oy o‘tar-o‘tmas SSSR Oliy Sovetining Qozog‘iston SSR va O‘zbekiston SSR o‘rtasidagi chegaraning qisman o‘zgarishi haqida qaror chiqargan. Boshqacha qilib aytganda, Moskva ikki respublika o‘rtasidagi kelishuvni shunchaki hujjatlashtirib qo‘ygan, xolos…

Ammo bu “shu ishlarning bari bizning qarorimizgagina qarab qolgandi”, degani emas. Agar bunday mantiq bo‘yicha fikrlaydigan bo‘lsak, u holda 1986-yili Qozog‘iston kommunistlarining saylab qo‘yilgan vakillari Kolbinni o‘z xohishlariga ko‘ra respublika rahbari etib saylagan bo‘lib chiqadilar. Zamon shunaqa edi.

Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning 1954-yilgi xaritasidan: Chirchiq — O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi ustida, G‘azalkent va Chimyon — Qozog‘iston hududi.Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning 1954-yilgi xaritasidan: Chirchiq — O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi ustida, G‘azalkent va Chimyon — Qozog‘iston hududi.

Bo‘stonliq tumanini O‘zbekistonga o‘tkazish masalasi SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1956-yil 13-fevraldagi “Qozog‘iston SSR va O‘zbekiston SSR o‘rtasidagi chegarani qisman o‘zgartirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida hal qilingan. Ammo, ma’lum bo‘lishicha, bu o‘tgan asrning 30-yillaridayoq yuzaga chiqqan bir masala edi. Avvaliga O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi va respublika rahbariyati SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi (SIK)ga Qozog‘iston ASSRning “Chirchiqstroy”ga tutash Bo‘stonliq tumani hududi va aholisini O‘zbekiston SSRga o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish haqida qaror qabul qiladi.

E’tiborlisi, ushbu qaror Qozog‘iston ASSRning tegishli davlat va partiya tuzilmalari bilan oldindan kelishilmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaga yo‘llanadi. Bu tashabbus, turgan gapki, Qozog‘iston rahbariyatining noroziligiga sabab bo‘ladi. O‘shanda Moskva Qozog‘istonning nuqtai nazarini ma’qullagan va shu bilan bu masala yopilgan. Ammo oradan 20 yil o‘tib, Kremlning fikri o‘zgaradi. Buning sababi haqida esa men yuqorida ta’kidlab o‘tdim. Bir respublika yer so‘radi, boshqasi bunga rozi bo‘ldi. Ikkala tomon ham Oliy Sovetning bu qarorini ma’qulladi. Yuridik jihatdan hujjatlar benuqson rasmiylashtirilgan.

Qozog‘iston SSR Oliy Soveti qarorida [yer berilishining izohi sifatida] iqtisodiyotning uyg‘unligi, hududiy yaqinlik, xo‘jalik va madaniy aloqalarning qalinligi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi qarorida esa berilayotgan yerlar uchun o‘zbek xalqi nomidan qozoq xalqiga minnatdorlik bildirilgan. KPSS XX S’ezdi topshiriqlariga muvofiq keluvchi ushbu do‘stona qaror go‘yoki xo‘jalik qurilishidagi umumdavlat vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish hamda o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi buzilmas do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga ko‘mak berishi ta’kidlangan. Bir so‘z bilan aytganda, ma’lum bir hududni boshqa bir ittifoqdosh respublikaga o‘tkazish jarayoni sovet demokratik normalari va o‘sha davr tamoyillari asosida, barcha konstitutsiyaviy qoidalarga rioya etilgani holda amalga oshirilgan.

Mustaqillikning ilk yillari bir qator jamoatchilik harakatlari va partiyalarning vakillari o‘z vaqtida O‘zbekistonga berilgan Bo‘stonliq tumanini qaytarib olish masalasini muntazam ko‘tarib keldi. Yangi tarixiy sharoit, yangi geosiyosiy vaziyatda bunday talablarni ilgari surish mutlaqo noto‘g‘ri edi. Qachonlardir Qozog‘istonga tegishli bo‘lgan ayrim tumanlarni qaytarishga doir talablar yuzasidan men Qozoqlarning birinchi butunjahon qurultoyida shunday degandim:

“O‘ylamay aytilayotgan bunday gaplar, gazetalardagi mas’uliyatsiz chiqishlar qardosh xalqlar o‘rtasiga nifoq soladi, shundoq ham murakkab bo‘lgan millatlararo munosabatlarni keskinlashtiradi. Biz mustaqil davlatlarning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligini qo‘llab-quvvatlaymiz, shakllangan chegaralarning daxlsizligi va haqiqiyligini tan olamiz va hech qanday fitnayu ig‘volarga berilmaymiz”.

Shu o‘rinda qozoqlarning “Unmas da’voni bo‘lmas yigit qiladi” maqolini eslash o‘rinli. Agar ular (o‘zbekistonliklar — tahr.) qachonlardir Qo‘qon xonligi hukmronligi ostida bo‘lgan yerlarga da’vo qilib chiqsa, u holda biz nima degan bo‘lardik? Agar bu mavzuda chuqurlashadigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston ham o‘z vaqtida Qozoq Avtonom Sotsialistik Sovet Respublikasi tarkibida bo‘lgan. Nima, bu endi biz Qoraqalpog‘istonga ham da’vo qilishimiz kerakligini anglatadimi? Shunday ekan, barcha tomonlar bundayin gap-so‘zlarni unutishi lozim.

To‘g‘ri, biz birga bo‘lgan vaqtlarimiz Toshkentda umumiy tariximizning ko‘plab sahifalari yozilgan, XX asr boshida ko‘plab ziyolilarimiz u yerda tahsil olgan, hatto eng birinchi oliy ta’lim muassasamiz — Qozoq pedagogika institutiga ham Toshkentda asos solingan. Ushbu ikki birodar xalqning umumiy merosi juda katta. Bo‘stonliqni qo‘ya turing, Toshkentning o‘zida ham ko‘plab qozoqlar yashagan. Shaharda qozoqlar shu qadar ko‘p bo‘lganki, 1924−25 yilgi milliy-hududiy chegaralanish vaqtida Toshkentga qozoq poytaxti maqomini berish masalasi ustida O‘rta Osiyo respublikalari haqiqiy bahs-munozaraga kirishgan.

Leonid Levitinning “O‘zbekiston tarixiy burilish pallasida” kitobida shunday deyiladi: “Toshkent atrofidagi hududlarda sezilarli darajada ko‘p qozoqlar yashashiga tayanib, shaharni Qozog‘istonga berish masalasi juda faol muhokama qilingan. Arxiv hujjatlarini o‘zim ko‘rmaganimda edi, tarixda shunday mantiqsizlik ham bo‘lganiga mutlaqo ishonmagan bo‘lardim”. Muallif to‘g‘ri aytyapti. Bu masala muhokamalar mavzusiga aylangani, shuningdek, tarixchiga bu masalaning “mantiqsizligi”ni isbotlashga imkon beruvchi arxiv hujjatlarining borligiyoq bu shaharning qozoqlar qalbiga qanchalik yaqinligidan darak.

Darvoqe, O‘zbekiston poytaxti 1930-yili respublika markazida joylashgan, XIV asrda Amir Temur davlati poytaxti bo‘lgan Samarqanddan chekkadagi Toshkentga ko‘chirilgan. Shaharning qoq markazida ko‘p yillar Toshkent biyi (beki) sifatida faoliyat ko‘rsatgan buyuk ajdodimiz To‘labiyning maqbarasi joylashgan. Islom Karimov 1993-yil 28-may kuni O‘rdabasida qozoqlarning buyuk uch biyi — To‘la, Qozibek va Oyteke xotirasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda: “Bizning bozorimiz ham, mozorimiz ham bir”, degan edi. Bundan ikki kun avval, 26-may kuni esa biz Islom Karimov bilan birga Toshkentda To‘labiy va Shayx Hovandi Tohur (Shayxontohur) maqbaralarini ziyorat qilgandik.

Bu gap-so‘zlarsiz ham qozoq-o‘zbek chegarasi bo‘yicha ancha-muncha muammo to‘planib qolgandi. Masalan, avval tasdiqlangan chegara Keles daryosi o‘zani bo‘ylab o‘tgan. Keles o‘zi kichik bo‘lsa-da, juda shiddatli daryo (“Sariog‘och” sanatoriysida hordiq chiqarish asnosida bunga o‘zim bir necha bor guvoh bo‘lganman). Suvga to‘lgan vaqti o‘zanidan toshib, qirg‘oqni ham yuvib ketishi mumkin. Aytishlaricha, bir safar kuchli toshqin vaqti Keles suvlari daryodan to‘rt chaqirim masofadagi Sariuysin ovuligacha yetib borgan ekan. Shuni hisobga olib, biz chegarani Kelesning hozirgi o‘zani bo‘ylab o‘tkazishga kelishib oldik.

Chordara suv ombori atrofida bir zamonlar O‘zbekistonga vaqtincha foydalanish uchun berilgan uchastkalar bor edi. Ikki mamlakat o‘rtasida Qozig‘urt etagidagi Bag‘is va Turkestanets aholi yashash punktlari bilan bog‘liq masala eng qiyini bo‘ldi. Qachonlardir tasdiqlangan topografik xaritalarning takroriy aniqlashtirilishi chegara bevosita ushbu aholi punktlaridan o‘tishini ko‘rsatdi. 1940-yilgi xaritada Bag‘is yo‘q, 1963-yilgi xaritaga esa, posyolka mavjud bo‘lganiga qaramay, tushirilmagan. Boz ustiga, ikkala qishloq ahli ham bir ovozdan Qozog‘iston tarkibida qolish istagini bildirdi.

Foto: Otyrar.kzFoto: Otyrar.kz

O‘zbekiston tomoni Bag‘isga hech qanday da’vo bildirgani yo‘q, ammo SSSR parchalangach, Turkestanets posyolkasi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ixtiyoriga berilganini eslatib turdi. Ish pishmay turib, milliy ziyolilarimizning ayrim guruhlari muammoni sun’iy shishirdi, bu orada Bag‘is aholisi “mustaqil Bag‘is Qozoq Respublikasi”ni e’lon qilib, o‘ziga “prezident” saylab olishga ham ulgurdi. Gazetalar shovqin ko‘tardi. Vaziyatga haqiqiy ayirmachilikning namoyon bo‘lishi sifatida baho berila boshlandi. Umuman olganda, bularning bari mojaroga ovul ahlini jalb qilish, huquqiy yo‘l bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan masalani siyosiylashtirishga muvaffaq bo‘lgan ma’lum bir guruhlarning salbiy harakatlari oqibati edi.

Bu kabi vaziyatda sovuqqon va og‘ir-vazmin harakat qilmoq lozim. 2002-yil 4-iyul kuni men Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hududiy chegaralanish masalasida maxsus yig‘ilish o‘tkazdim. Unda, chegara bo‘yicha kelishuv imzolanganiga olti oydan oshganiga qaramay, qolgan uch uchastka bo‘yicha ochiq qolgan masalani hal qilmagani uchun Qozog‘iston hukumat komissiya tanqid ostiga olindi. Biz SSSR, Qozog‘iston SSR, O‘zbekiston SSR Oliy Sovetlarining 1956 va 1963-yillardagi huquqiy-normativ hujjatlari asosida chizilgan ma’muriy-hududiy chegaranini belgilovchi yuridik aktlar va kartografiya materiallarini qayta ko‘rib chiqishga doir nuqtai nazarni maqsadga muvofiq emas, deb topdik.

Bu hujjatlar qabul qilinganidan keyingi 40−45 yil davomida Qozog‘iston tomoni chegara o‘tkazilishining to‘g‘riligi yuzasidan da’vo qilmagan. Men Bag‘is va Turkestanetsga hukumat delegatsiyasi a’zolari, parlament deputatlarini maxsus yubordim. Ular mahalliy aholi bilan uchrashib, O‘zbekiston tomoni bilan chegaraning ushbu muammoli uchastkalar bo‘yicha olib borilayotgan muzokara jarayonining ma’no-mazmunini tushuntirdi. Natijada Bag‘is ovuli Qozog‘istonga o‘tdi, Turkestanetsning O‘zbekistonda qolishni xohlamagan aholisi esa biz tarafga ko‘chirib o‘tkazildi. Bag‘is atrofidagi 517 gektar tog‘ yaylovlari Qizilo‘rda viloyatining yarimcho‘l hududidagi Nisan-1, Nisan-2 va Baymurat aholi yashash punktlariga almashtirildi. Arnasoy to‘g‘oni atrofidagi masala ham shu tariqa hal qilindi.

2002-yil 9-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida qozoq-o‘zbek chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi bitim imzolandi va 2351 kilometrlik chegara delimitatsiyasi bilan bog‘liq masala to‘la-to‘kis hal etildi. Bunda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov mazkur masalani o‘z e’tiborida doimiy saqlab turgani ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.