O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir doirasida “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Abduraimovna Mirxanova qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

deportatsiya, нiлuфaр мiрхaноva, odam savdosi, тuркiя

Ayol (1989-yilda tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, “z”, “i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni (o‘g‘irlash orqali, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan, aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan, jabrlanuvchini O‘zbekiston davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda amalga oshirilgan odam savdosi) sodir etganlikda ayblanib, qidiruvga berilgan edi.

Ayblanuvchi 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

10-yanvar kuni u Istanbul aeroporti orqali O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Istanbuldagi bosh konsulxona yoki Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi.

Avvalroq bosh konsulxona O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi Turkiyada qo‘lga olingani, ular uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar kontrabandasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotganini ma’lum qilgan edi. Jumladan, Nilufar Mirxanova Chanakkale viloyati hududida ushlangan.