Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Urganch shahrida 14 yoshli bolaning tan jarohatlari bilan tasvirga olingan video tarqaldi.

Videoda noma’lum erkak boladan bu ishni kim va nima sababdan qilgani haqida so‘ragan. Bola uni soch qurituvchi qurilma simi bilan urishgani va tepishganini aytgan. Uning boshi va yuzida ko‘karishlar va chandiqlar ko‘rinadi.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, bolaga tan jarohatlar 7-yanvar kuni o‘zining otasi tomonidan yetkazilgan. 51 yoshli A.X. o‘g‘lini axloqsizlikka yo‘l qo‘ygani vaji bilan kaltaklagan.

Hozirda voyaga yetmagan bolaga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlangan.

Holat yuzasidan Urganch shahar Ichki ishlar organlari tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.