Prezident qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajarish Davron Taxirovich Sultanov zimmasiga yuklandi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

U Prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti sog‘liqni saqlashni rivojlantirish sho‘’basi mudiri hisoblanadi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Alisher Kayumovich Shadmanov uzoq muddatli davolanishi munosabati bilan mehnat ta’tiliga chiqdi, deyiladi xabarda.

Shu tariqa Alisher Shadmanov anchadan beri davolanayotgani haqidagi ma’lumot tasdiqlandi.

Alisher Shadmanov 2017—2020-yillarda sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. Keyin Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlangan. O‘tgan yilning avgust oyida u Sog‘liqni saqlash vazirligiga vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida qaytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil so‘nggidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov yaqinda lavozimidan ozod etilgan. U Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori bo‘ldi.

Hozirda sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida Prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudayarov ishlab kelmoqda.