Qozog‘istonda 2023-yil dekabrida mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” nomli memuarlar kitobi qozoq va rus tillarida sotuvga chiqdi. Kitob qisqa fursatda sotilib ketdi, undagi ayrim tafsilotlar esa shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Nazarboyev bu kitobida ikkinchi xotini va undan o‘g‘illari borligini birinchi marta tan olgan.

Nazarboyev o‘z kitobida qo‘shni mamlakatlar va ularning rahbarlari bilan munosabatlarga doir ko‘plab qiziqarli xotiralarni ham bayon qilgan. Xususan, O‘zbekiston bilan chegara masalasi qanday hal qilingani, mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov qanday tashabbuslarga qarshi chiqqanu Nazarboyev bilan shaxsiy munosabatlari qanday bo‘lgan — shu kabi e’tiborga molik tafsilotlar ochiqlangan.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

“Gazeta.uz” kitobning O‘zbekiston haqida so‘z borgan parchalarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Chegaraga doir tafsilotlar nisbatan katta bo‘lgani uchun bois, dastlab O‘zbekiston va Islom Karimovga haqidagi qisqa parchalarni jamlab berishga qaror qilindi.

Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” memuarlar kitobining bir nusxasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham maxsus sovg‘a qilingan edi.

Turkiston konfederatsiyasi loyihasi qanday yo‘qqa chiqqani haqida

Foto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanFoto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

Nursulton Nazarboyev SSSRning tugatilishi va mustaqil respublikalarning yangi birlashmasi — Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) paydo bo‘lishiga doir voqealarni eslarkan, ulkan mamlakat slavyan va turkiy ittifoqlarga ajralib ketishi mumkin bo‘lganini ta’kidlagan; uning qayd etishicha, “tushunarli holki, ikkinchi ittifoqqa Tojikiston ham qo‘shilgan bo‘lardi”.

“13-dekabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari: Saparmurat Niyozov, Islom Karimov, Asqar Akayev, Rahmon Nabiyev va men to‘plandik. Muzokaralar stoliga o‘tirishimiz bilan, Turkmaniston tomoni Belovej kelishuvlariga javoban tayyorlab qo‘yilgan Turkiy ittifoq, ya’ni, Markaziy Osiyo davlatlari konfederatsiyasini tashkil etish loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Bunday bo‘linish katta xavf ekanini ta’kidlab, men bu masala bo‘yicha rasmiy yo‘sinda qaror qabul qilmaslikni taklif qildim. Yelsin bizni [Belovejdagi] uchlar ittifoqiga qo‘shilishga faol targ‘ib qilayotgan edi. U turkiy davlatlar ittifoqi paydo bo‘lishi mumkinligidan jiddiy xavotirga tushib qolgandi. Yuzaga kelgan murakkab va ziddiyatli vaziyatni tahlil qilib, men shunday dedim: “Biz bunday uch davlat ittifoqiga qo‘shilmaymiz. Ehtimol, umumiy uchrashuvda Belovej ittifoqini emas, balki hammamiz uchun teng huquqli yangi ittifoq tashkil etish masalasini muhokama qilib ko‘rish kerakdir”.

“Slavyanlar” mening iddaolarimni qabul qilishdi. Buning uchun men yaqin vaqt ichida Olmaotada yig‘ilib, Hamdo‘stlikning tashkil etilishini qonuniylashtirishni taklif qildim. Prezidentlar taklifimga rozi bo‘lib, bo‘lajak kelishuvni imzolaydigan tomonlar o‘zaro teng huquqlarga ega bo‘lishi lozimligiga doir o‘z talablarini “slavyanlar” e’tiboriga yetkazishimni so‘rashdi. Baxtimizga, biz oqilona yangi qaror qabul qilishga muvaffaq bo‘ldik.

O‘sha og‘ir lahzalarda Markaziy Osiyo respublikalari turk-slavyan qarama-qarshiligining oldini olish uchun imkoni bor barcha choralarni ishga soldi. Xalqlarni milliy va diniy belgilariga ko‘ra ajratishga intilganlarning, zudlik bilan Turkiston konfederatsiyasini ta’sis etishga chaqirganlarning yo‘rig‘iga yurib ketganimizda edi, buning oxiri nimalar bilan tugashi mumkinligini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Bu xavfni, tabiiyki, “slavyanlar” ham his qilib turgandi.

Boris Yelsin bir necha bor Ashxobodga qo‘ng‘iroq qilib, nima qarorga keldinglar, deb so‘rab turdi. U hayajonda edi. Ashxoboddagi uchrashuv yakuniga yetmagunicha Belovej kelishuvida qatnashgan uchala rahbar, hatto [SSSR prezidenti] Gorbachyovning o‘zi ham har soatda men bilan qo‘ng‘iroqlashib turdi. Mening nuqtai nazarim Islom Karimov tomonidan qo‘llab-quvvatlangani masala taqdirini to‘la-to‘kis hal qildi.

Oxir-oqibat biz slavyan respublikalari bilan muzokaralarga kirishishga, SSSRning Yevropa-Osiyo o‘qi bo‘ylab bo‘linib ketishining oldini olishga kelishdik. Biz yangi tashkil etilayotgan Hamdo‘stlikka qo‘shilgan tomon sifatida emas, balki to‘laqonli ta’sischi sifatida kirishimizni bildirdik. Hujjatlarni imzolash uchun bizni Belarusga taklif qilishdi. Bu holda biz haqiqatan ham “qo‘shilganlar” roliga tushib qolardik. Shu bois men keyingi uchrashuvni Qozog‘istonda o‘tkazishni taklif qildim. Taklif qabul qilindi…".

Milliy valyuta masalasida O‘zbekiston oldindan ogohlantirilgani haqida

Rossiyaning o‘z va’dalarini bajarmasligi, uning tushunarsiz monetar siyosatidan charchagan Qozog‘iston 1993-yil kuzida o‘z milliy valyutasini muomalaga kiritadi. Nazarboyev ushbu jarayon haqida eslarkan, sovet yo Rossiya rubllari o‘rniga milliy tanga (tenge)larning qachondan muomalaga kiritilishi haqida Qozog‘iston xalqidan oldinroq qo‘shni mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston ogohlantirilganini alohida qayd etgan.

“Qozog‘iston o‘z valyutasini muomalaga kiritayotgani haqida qo‘shnilarini ochiqchasiga ogohlantirgan edi. Ogohlantirilgan mamlakatlarning birinchisi O‘zbekiston edi. Qo‘shni respublika ham rubl zonasida xuddi bizniki kabi muammolarga to‘qnash kelayotgan, boz ustiga u biz bilan mustahkam iqtisodiy aloqalarga ega muhim hamkorimiz ham edi. Men prezident Islom Karimov bilan, bir-birimizga ziyon yetkazmaslik uchun, milliy valyutalarimizni bir kunda, bir vaqtda muomalaga kiritish haqida oldindan kelishib olgandim. Shunday qildik ham. O‘zbekiston ham 1993-yil 15-noyabr kuni o‘z so‘mini muomalaga kiritdi”.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston 1993-yil 15-noyabrda so‘m-kuponlarni, 1994-yil 1-iyuldan esa to‘laqonli milliy valyuta — so‘mni muomalaga kiritgan.

Islom Karimov “betobligi bois” 2002-yilgi tadbirga borolmagani haqida

Foto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanFoto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

Nursulton Nazarboyev xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida olib borgan o‘z sa’y-harakatlari haqida hikoya qilarkan, 2002-yil iyunida Olmaotada Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning birinchi sammiti yuqori saviyada o‘tkazilgani, ammo unda Islom Karimov “betobligi bois ishtirok eta olmagani”ni alohida ta’kidlab o‘tgan (Islom Karimovning vafotiga qadar uning betob bo‘lgani haqida biror marta rasmiy axborot berilmaganidan kelib chiqilsa, bu ta’kid alohida e’tiborga molik). Shunindek, Nazarboyev Qozog‘istonning Shanxay hamkorlik tashkilotini shakllantirish jarayonida ham faol ishtirok etganini, ushbu tashkilot 2001-yili O‘zbekiston unga qo‘shilish istagini bildirganidan so‘ng to‘laqonli qiyofasiga ega bo‘lganini qayd etgan.

Islom Karimov YevrAzESni tanqid qila-qila, oxiri unga qo‘shilgani haqida

Nursulton Nazarboyev 1994-yili Moskva davlat universiteti (MDU)dagi ma’ruzasida MDHga a’zo mustaqil davlatlar o‘zaro munosabatlarning yangi shakliga chiqishi, buning uchun yagona iqtisodiy makonni vujudga keltirish zarurligini ta’kidlaydi. U o‘z chiqishida Yevropa Ittifoqini namuna qilib ko‘rsatadi: “Nima uchun yevropaliklar ittifoq tuzishi mumkinu, bizga mumkin emas?”, deydi. Aynan shu chiqishi sababli ham Nazarboyev Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati, keyinchalik uning negizida tuzilgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi asoschilaridan biri, deya e’tirof etiladi. Nazarboyevning qayd etishicha, uning bu tashabbusini, xususan, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov uzoq vaqt tanqid qilgan, ammo yakunda O‘zbekistonni ushbu tuzilmaga kuzatuvchi maqomida qo‘shilishiga rozi bo‘lgan.

“Ushbu loyiha Qozog‘istonning o‘zida ham birdan ma’qullanmagan. Kimlardir integratsiyani qo‘llab-quvvatlagan, boshqalar, asosan ma’qullagan bo‘lsa-da, bu integratsiyani ma’lum bir darajada cheklashni taklif qilgan, uchinchi bir toifa esa hozir integratsion jarayonlar kerak emas, deb hisoblagan. Mening taklifimni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston prezidenti Saparmurot Niyozov ham ma’qullamagan.

Roy Medvedev shunday yozadi: “Nazarboyevning MDUdagi chiqishi xalqaro va Rossiya matbuotida o‘sha vaqtlar uchun anchayin qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayni vaqtda ko‘plab olimlar va jamoat arboblari uning taklifini faol qo‘llab-quvvatlayotgan edi. Ammo MDH mamlakatlarining yetakchi siyosiy arboblari buni yo e’tiborsiz qoldirdi, yo bo‘lmasa ochiqchasiga salbiy munosabat bildirdi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Yevrosiyo loyihasini keskin tanqid qilgandi. “Yevrosiyo g‘oyasida nima yangilik bor? — degandi u “Nezavisimaya gazeta”ga bergan intervyusida. — Yana bir bor qaytaraman: [maqsad] tagzamini siyosiy bo‘lgan tuzilmalar qurish va ushbu tuzilmalarda tegishli peshtaxtani egallash. Bu gap qo‘pol, ayovsiz yangrayotgandir, ammo bu — haqiqat”. Bu ta’rif adolatsiz edi va loyiha maqsadini buzib ifodalardi. Nursulton Nazarboyev hech qanday siyosiy tuzilmalar tuzishni taklif qilmagandi. U MDH mamlakatlarining davlat va milliy suvereniteti saqlab qolinishini qat’iy ta’kidlayotgan edi. Gap faqat nisbatan yaqinroq iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik haqida edi”.

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari bu kabi masalalarni keyinga qoldirsa ham bo‘ladi, deb hisoblashayotgandi. Nazarimda, do‘stlarim bu jarayon bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘l bilan amalga oshirilishi va ma’lum bir vaqt davom etishini hisobga olishmagandi. Keyinchalik ko‘p narsa o‘zgardi. Qozog‘istonning integratsion tashabbuslarini o‘n yillab qo‘llab-quvvatlamagan O‘zbekiston ham 2005-yil oxirida Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilish istagini bildirdi, bir necha oy o‘tib, 2006-yil boshida esa YevrAzESga kuzatuvchi maqomida qo‘shildi. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istardimki, O‘zbekistonning 2016-yilda saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev birodar mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash siyosatini olib boryapti".

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston 2008-yili “ushbu davlatlararo birlashma faoliyatining samaradorligiga shubhalari borligi uchun” YevrAzESdan chiqib ketgan. 2015-yili YevrAzES negizida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tuziladi. Unga O‘zbekiston 2020-yili kuzatuvchi maqomida qo‘shilgan.

Turkiya va Rossiya Toshkentda yarashtirilgani haqida

Foto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanFoto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

2015-yilning 24-noyabrida Turkiya harbiy-havo kuchlari mamlakat havo chegarasini buzib o‘tgan Rossiya qiruvchi samolyotini urib tushiradi. Ushbu hodisa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keskin sovuqlashtiradi. Nursulton Nazarboyevning yozishicha, u Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar qayta tiklanishi uchun ko‘p harakat qilgan, xususan, Turkiya tarafiga Erdo‘g‘on nomidan Putinga xat yozishni taklif qilgan. Turkiya bu taklifni ma’qullab, qozoq diplomatlari bilan birga xat matnini tayyorlagan. Xatning Rossiya vakillariga yetkazilishi ham katta bir tadbirga aylangan.

“Ushbu chigallik tugunlari, oxir-oqibat, Toshkentda yechildi.

2016-yil 23-iyunida O‘zbekiston poytaxtida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning davlat rahbarlari o‘rtasidagi yig‘ilish bo‘layotgan edi. O‘zaro kelishuvimizga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rossiya prezidentiga o‘sha xatning nusxasini yuborishi lozim edi. Elchi Janseyit Tuymebayev esa Erdo‘g‘on xatning nusxasini emas, haqiqiysi (originali)ni yubormoqchi ekanini ma’lum qildi. Buning uchun Erdo‘g‘on Toshkentga o‘zining maxsus borti bilan yordamchisi Ibrohim Kalinni yubormoqchi edi.

Shu munosabat bilan yana bir masala paydo bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni o‘z poytaxtining osmonini yopgandi: davlat rahbarlari ishtirokida bunday katta tadbirlar o‘tkazilayotganida shahar aeroporti xavfsizlik nuqtai nazaridan boshqa biror samolyotni qabul qilmaydi, bu odatiy hol. Biz ham shunday qilamiz. Hamma shunday qiladi.

Shunda ikkinchi variantni ko‘rib chiqa boshladik — unga ko‘ra, Turkiya prezidentining samolyoti Chimkentga qo‘nadi, Ibrohim Kalin esa u yerdan vertolyotda chegaragacha olib kelinadi, Qozog‘iston elchixonasi mashinasi esa Erdo‘g‘onning yordamchisini chegaradan “Do‘rmon” qarorgohiga yetkazadi. Ammo shu o‘rinda Islom Karimov bilan do‘stona munosabatlarimiz sharofati bilan bu masala oson hal qilindi: O‘zbekiston prezidenti Turkiya samolyotining Toshkentga qo‘nishiga ruxsat berdi. Bu vaqtda hali qayerga qo‘nishini bilmayotgan turk samolyoti Qozog‘iston osmonida aylanib yurgan, yonilg‘isi tugayotgan edi.

Va nihoyat bort qo‘ndi, Kalin “Do‘rmon”ga yetib kelib, xatni topshirishga ulgurdi. “Ulgurdi” deganim boisi, Vladimir Putin SHHT sammiti tugashi bilan, rasmiy tashrif bilan Toshkentdan Pekinga uchib ketishi kerak edi. Nurlan O‘njanov Erdo‘g‘onning xatini Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovga topshirdi. Rossiya prezidenti mening oldimda konvertni ochib, xatni diqqat bilan o‘qidi va norozi qiyofada bir nimalar dedi. Shunda men: “Vladimir Vladimirovich, Erdo‘g‘on sizga qo‘lini uzatyapti, qaytarmang”, dedim. Rossiya yetakchisi bu gapga ko‘ndi, o‘ziga xos donolik namoyon qildi. U nafaqat mening aytganlarimga qo‘shildi, balki Erdo‘g‘on bilan telefon orqali gaplashib olish taklifimni ham ma’qul topdi…

Ko‘p o‘tmay, Putin va Erdo‘g‘on telefon orqali muzokara olib bordi. Ertasiga esa Turkiya prezidenti menga qo‘ng‘iroq qilib, minnatdorlik bildirdi va: “Turkiya xalqi Qozog‘iston prezidentining ushbu tarixiy missiyasini hech qachon unutmaydi”, deb alohida qayd etib o‘tdi. Sal keyinroq, 2016-yil 16-avgust kuni Sochidagi uchrashuvda Rossiya prezidenti Putin ham o‘z minnatdorchiligini bildirdi…".

Karimov va Yelsinning basseyndagi musobaqalashuvi haqida

Foto: ShutterstockFoto: Shutterstock

Nursulton Nazarboyev o‘z kitobida u bilan bir vaqtda faoliyat olib borgan, u bilan muzokaralar o‘tkazgan, birga ishlagan boshqa davlatlarning rahbarlari haqida alohida-alohida xotiralar yozgan. Xususan, Rossiya prezidenti Boris Yelsinni eslarkan, u bilan Toshkentda bo‘lgan qiziq voqeani bayon qilgan.

“Boris Yelsin ba’zida yosh bolaga o‘xshab qolardi. “Men kuchli odammanmi yo kuchsiz? Qaltis vaziyatlarda, qoida tariqasida, kuchliman. Oddiy vaziyatlarda esa, lanjlashib ham qolaman… Ba’zan odamlarning ko‘zi o‘rganib qolgan Yelsinga umuman o‘xshamay qolaman. Ya’ni, tentaklarcha… yosh bolalarcha… yechilib ketishim ham mumkin”, — deb yozgandi uning o‘zi.

U arzimagan masala ustida oyoq tirab olib, yo‘q joydan mojaro chiqarishi mumkin edi. Bir kuni O‘zbekiston rahbari Islom Karimov menga qo‘ng‘iroq qilib, oldiga borishimni so‘radi. “Nima bo‘ldi?” desam: “Yelsin rasmiy tashrif bilan kelyapti. Men u bilan gaplasholmayman. Urishib qolaman. U seni hurmat qiladi. Kelib, yordam ber”, dedi. Lekin bu alohida bir qo‘shni mamlakat bo‘lsa. U bilan birga borish g‘alati ko‘rinishi mumkinligini aytdim. Karimov esa gapida qat’iy turib oldi.

Men Toshkentga bordim. Kechki qabuldan so‘ng basseynda cho‘miladigan bo‘ldik. Islom Karimov birinchi bo‘lib suvga sho‘ng‘ib, qanchadir vaqt suv ostida turdi. U o‘z harakati bilan qolganlarni go‘yoki kim ko‘proq suv ostida tura olishi bo‘yicha musobaqalashishga chorlayotgandek edi. Yelsin bunday vaziyatlarda umuman tinch o‘tira olmasdi. U ham suvga sho‘ng‘ib, basseyn tubiga yotib oldi. Qo‘riqchilar soatlariga qarab, vaqtni hisoblay boshlashdi. Bir daqiqa o‘tdi, ikkinchisi o‘tyapti. Yelsin qo‘riqchilarining boshlig‘i Korjakov: “Agar hozir olib chiqmasak, u shu basseynda o‘lib qolishi mumkin”, dedi. Shunday deya, Yelsinni suvdan olib chiqishdi.

Bu aytganlarim — Yelsin fe’l-atvorining o‘ziga xosliklaridan biri. Yelsin yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lganlarga toqat qilolmasdi".

Islom Karimov haqida

Foto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanFoto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

Qozog‘iston birinchi prezidentining memuarlarida O‘zbekiston birinchi prezidenti haqida alohida so‘z bormasligi, tabiiyki, mumkin emas. Nazarboyev Karimovni “do‘stim” deb ataydi, ayni vaqtda o‘zbekistonlik hamkasbi o‘ziga yetguncha qaysar bo‘lganini ham ta’kidlaydi.

“O‘zbekistonni chorak asrdan ortiqroq boshqargan Islom Karimov o‘z mamlakati tarixida alohida o‘ringa ega. O‘zbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslarini yaratish ustida ko‘p mehnat qilgan bu inson bilan muloqot yillarini men alohida eslayman.

1998-yili biz poytaxtimiz — Ostonaning xalqaro taqdimotini o‘tkazdik. Tadbir katta forumga aylanib ketgandi. MDH mamlakatlari prezidentlari kelgan. O‘sha tantanada so‘zga chiqqan Islom Abdug‘aniyevich: “Mamlakat poytaxtini ko‘chirib, yangi shahar qurishga jur’at topish uchun odamda otning kallasidek yurak bo‘lishi kerak. Do‘stim Nursultonda esa mana shunday yurak bor”, — degandi.

Uning qat’iyatli xarakterga ega inson bo‘lganini tasdiqlovchi birgina misolni keltiraman. Ochiqchasiga aytganda, u murakkab shaxs edi. Istalgan muammo bo‘yicha o‘zining alohida, o‘ziga xos fikrini bildirardi. Shuning uchun ham u bilan erishilgan o‘zaro anglashuv qadrliroq bo‘lardi. Biz chegara masalasida soatlab gaplashganmiz. O‘zbekistonda aholi zich joylashmaganmi, ba’zi nuqtalarda chegara chizig‘i — ovul yo qishloq markazini qo‘ya turing — uy o‘rtasidan o‘tib ketgandi. Deylik, oshxona Qozog‘istonda bo‘lsa, yotoqxona — O‘zbekistonda. Nima qilmoq kerak, qanday yo‘l tutish lozim? O‘shanda odamlar manfaatiga moslashishga, aholi punktlarining milliy tarkibidan kelib chiqib qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelgan. Yoki Chordara suv ombori bilan bog‘liq misolni ko‘rib chiqsak. Suv havzasi bizda bo‘lgani bilan, to‘g‘on O‘zbekiston tarafda qolib ketishi mumkin edi.

Shunday kunlarning birida Islom Karimov menga qo‘ng‘iroq qildi. “Oldingga bormoqchiman”, dedi. Yaxshi. Ammo prezidentning kelishi bilan do‘stning kelib-ketishi orasida farq bor-ku. “To‘xta. Muhokama uchun mavzularni belgilab olaylik, tayyorlanaylik”, — dedim. Islom Abdug‘aniyevich bo‘lsa: “Muhokama uchun hech qanday mavzu yo‘q, seni ko‘rmoqchiman, gaplashmoqchiman”. Undagi iztirob menga ham ko‘chdi. Uni kutib oldim. Norasmiy uchrashuv. O‘ta shaxsiy munosabatlar. O‘shanda biz boshimiz bilan suhbatga sho‘ng‘ib ketdik. Ko‘plab masalalarni ham hal qilib oldik. Xususan, chegaraga aloqadorlarini ham.

Islom Karimov o‘z mamlakatining bardam rahbari edi. Ba’zida o‘ng‘aysiz bo‘lib qolishini aytmasa, biz u bilan do‘st edik. Islom Abdug‘aniyevich kutilmaganda insultdan vafot etdi.

O‘zbekiston birinchi prezidentining ezgu ishlarini uning izdoshi, yirik siyosiy arbob Shavkat Mirziyoyev izchil, samarali davom ettirdi. Olib borilayotgan islohotlar sharofati bilan birodar mamlakatning iqtisodiy salohiyati o‘sib bormoqda. Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali munosabatlar ham sezilarli darajada rivojlana boshladi".