Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar kuni aholi bandligini oshirish va tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ishsizlar soni 1,3 mln kishini tashkil etadi. Joriy yilda mehnat bozoriga yana 2,4 mln kishi kirib keladi.

Shuni inobatga olib, 2024-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish hisobiga 5 mln kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 mln, qishloq xo‘jaligida 2,1 mln, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor, deya ta’kidlandi taqdimotda.

Bundan tashqari, yangi moliyaviy vositalarni, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini joriy etish hisobiga 2 mln kishini biznesga jalb qilish rejalashtirilgan.

Taqdimotda mas’ullar 2024-yilga mo‘ljallangan yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha axborot berdi. Davlat rahbari mazkur dasturni ma’qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

“So‘nggi yillarda 2,4 mln aholi o‘zini o‘zi band qilgani ta’kidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytildi. „Mening biznesim“ platformasi, „Biznesga birinchi qadam“ bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.

Mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish va litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Hali ham tadbirkorlardan tegishli axborot tizimlarida mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda taqdim qilish talab qilinadigan holatlar mavjud. Shu munosabat bilan joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobot bekor qilinadi. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 mln so‘m xarajati tejaladi.

Umuman olganda, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu munosabat bilan davlat rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Tadbirkorlarga qo‘yiladigan majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish zarurligi belgilandi.

Tadbirkorlarni sohadagi yangiliklardan xabardor qilish, ularning takliflarini doimiy o‘rganib, statistik hisobotlarni maqbullashtirib borish vazifasi qo‘yildi.