5-yanvar kuni Let L-410 havo kemasida maxsus ishchi guruh Toshkent-Termiz-Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishida ilk sinov parvozi amalga oshirdi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Ishchi guruh tarkiibida vazirlik, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalarining tegishli mutaxassis va ekspertlari bo‘lgan.

ICAO xalqaro normalariga muvofiq, Sariosiyo aerodromidan fuqaro aviatsiyasi parvozlarida foydalanish talablari, mavjud infratuzilma, Sariosiyo aerodromining ATR-72 havo kemalarini qabul qilish imkoniyatlari o‘rganilgan.

Shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xalqaro normalariga muvofiq yo‘lovchi terminalini barpo etish va zaruriy infratuzilmani yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan, deyiladi xabarda.

Tegishli ishlar yakunlanganidan so‘ng ATR-72 va Let L-410 hamda undan kichik turdagi havo kemalari orqali aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yila boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida prezident 2023-yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, 2024-yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.