2-yanvar kuni soat 16:00 atrofida Jizzax viloyati Zomin tumanida avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, deya xabar berdi Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati.

Hodisa tumanning Hamid Olimjon mahallasidan o‘tgan 4R-40 avtomobil yo‘lining 2-kilometrida sodir bo‘lgan. Dashtobod-Zomin yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan avtobus haydovchisi chapga burilayotib, ro‘paradan kelayotgan “VAZ2106” mashinasining yo‘liga chiqib ketgan va ular to‘qnashgan.

Oqibatda “Jiguli”dagi 50 yoshli yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.

Hodisa yuzasidan Zomin tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.