O‘zgidromet agentligi matbuot xizmati 6−7-yanvar kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Shanba kuni shimoliy hududlarga nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi boshlanadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qolgan hududlarda quyoshli, quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi kuzatiladi. Kunduzi harorat +16…+18 daraja iliq bo‘ladi.

7-yanvar kuni nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi mamlakatning barcha hududlariga tarqaladi, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin.

Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Kunduzgi havo harorati +9…+14 daraja iliqqacha pasayadi.

Poytaxtda shanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati +16…+18 daraja iliqni tashkil etadi. Yakshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, harorat kechasi +6…+8 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi +12…+14 daraja iliqqacha biroz pasayadi.