Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus butun dunyo bo‘ylab COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘payib borayotgani sababli niqob taqish va vaksina olishni davom ettirishga chaqirdi.

“So‘nggi haftalarda ko‘plab mamlakatlarda COVID-19, gripp va boshqa patogenlar keltirib chiqaradigan nafas yo‘llari kasalliklari soni ko‘payib bormoqda va bu davom etishi kutilmoqda”, — deb yozdi Gebreyesus X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

JSST rahbari, shuningdek, COVID-19 uchun test topshirishga, zarur holatlarda shifokorlardan tibbiy yordam olishga chaqirdi.

“Hukumatlarga: fuqarolar, ayniqsa, og‘ir infeksiya xavfi yuqori bo‘lganlar uchun ishonchli testlar, davolash usullari va vaksinalarga kirishni ta’minlang”, — deya qo‘shimcha qildi Gebreyesus. Shuningdek, u barcha mamlakatlar rasmiylariga virusning ehtimoliy mutatsiyalaridan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.

JSSTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2023-yilning 20-noyabridan 17-dekabriga qadar dunyoda koronavirus bilan kasallanishning yangi holatlari avvalgi oyga nisbatan 52 foizga oshib, 850 ming kishini tashkil qilgan.