Xalqaro forumlar saroyida 2023-yilning 28-dekabr kuni taniqli pianinochi Lola Astanovaning konserti bo‘lib o‘tdi. “Uspenka” bitiruvchisi hisoblangan asli toshkentlik Lola 20 yildan beri AQShda yashab, musiqiy karerasini qurib kelmoqda. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muvaffaqiyatli yuritadi — birgina Instagram’da uning ijodini 1,3 mln kishi kuzatib boradi, YouTube’da esa videolari qariyb 100 mln marta ko‘rilgan. Toshkentdagi konsertidan so‘ng “Gazeta.uz” uchun bergan eksklyuziv intervyusida pianinochi ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik, o‘zbekistonlik musiqachilarning xorijdagi muvaffaqiyatlari sabablari, musiqani o‘rgatishdagi yondashuvlar o‘rtasidagi farq, qattiqqo‘l ustozlarning o‘rni hamda fevralda O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilishi kutilayotgan yangi konserti haqida so‘z yuritdi.

— Konsertdan keyingi hislar qanday?

— Hissiyotlar jo‘sh urmoqda, sababi qandaydir mo‘'jizaviy Yangi yil kayfiyati hukmron. Olqishlardan, iliq kutib olishganidan, umuman, bu yerda ekanligimdan juda mamnunman. Tomoshabinlar, mehmondo‘stlikdan hali ham hayratdaman va g‘oyatda mamnunman.

— Bugun “O‘zbekiston yakkaxonlari” kamera orkestri bilan birga chiqish qildingiz. Jonli repetitsiya uchun bir-ikki kun vaqtingiz bor edi, xolos — ilgari birga ishlamagan orkestr bilan konsert o‘tkazish qiyin bo‘lmadimi?

— Orkestr bilan ijro ajoyib bo‘ldi. Repetitsiya kam bo‘lganiga qaramay, biz dasturni to‘liq, yaxshi ijro etdik, mashq qildik, hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi. Nazarimda, orkestr juda yuqori saviyaga ega. Konsertda esa repetitsiya jarayonidagidan ham yaxshiroq bo‘ldi — bu hamisha odamni quvontiradi.

— “The Journey to the Theatre of Silence” deb nomlangan filmingizda barmoqlaringizni havoda harakatlantirish sahnasi bor. Buni ko‘rganimda, siz sahnaga chiqishdan oldin barmoqlaringiz va qo‘llaringizni shunday qizdirib olasiz, degan xayolga borgandim. Haqiqatan ham shundaymi?

— Ha, to‘g‘ri topdingiz. Sababi, ayrim hollarda, pardoz xonasi yoki sahna orqasida hech qanday musiqa asbobi bo‘lmaydi. Sahnaga esa, albatta, qizigan qo‘llar bilan chiqish kerak, chunki ijro sifati shunga bog‘liq. Shuning uchun qizdirib olaman. Deylik, musiqa asbobim bo‘lmasa, qo‘llarimni qizdirib olishim, qandaydir mini-mashq qilishim mumkin. Men bu haqda hatto o‘ylamayman ham — bu, qandaydir tarzda, o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladi.

Bu sahnadagi royal — ajoyib! Nazarimda, men chalgan rolyallar ichida eng yaxshilaridan biri. Hatto eng katta va dong‘i ketgan sahnada ham, masalan, Nyu-Yorkdagi Karnegi-holl konsert zalida ham yaxshi royal bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun men ushbu sahnani e’tirof etishim lozim — Forumlar saroyi dunyodagi eng yaxshi musiqa asboblaridan biriga ega.

intervyu, lola astanova, musiqa

— Ijtimoiy tarmoqlar sizni yanada mashhur qildi, biroq bu musiqadagi karerangizga qay darajada ta’sir qildi? Karerangiz ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lishidan oldin ham muvaffaqiyatli rivojlanib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmaganida, faoliyatingiz qanday davom etgan bo‘lardi?

— Ijtimoiy tarmoqlar — hayotimizning ajralmas qismi, ayniqsa, ijodkor uchun. Menimcha, bunda salbiy jihatlardan ko‘ra ijobiy jihatlar ko‘proq. Birinchidan, siz tomoshabin bilan, tinglovchilaringiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniga egasiz. Endilikda munaqqidlar yoki o‘z fikrini bildirishi kerak bo‘lgan qandaydir xos odamlarga muhtoj emassiz. Tinglovchi o‘zi tomosha qilishi, tinglashi, unga yoqadimi yoki yo‘q, konsertga boradimi, chipta sotib oladimi — o‘zi hal qilishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarning munozarali jihatlari ham bor. Masalan, odamlar ko‘rgan narsasini boshqalarga ulashishi uchun u yerda hamma narsani biroz bo‘rttirishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik layklar, ko‘rishlar va obunachilar soniga mukkasidan ketadi. Albatta, bu narsa bor. Biroq, bunga tabiiy holdek yondashsangiz va e’tibor bermasangiz, ijtimoiy tarmoqlar — ko‘p jihatdan ijobiy.

Ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lgungacha kareram klassik yo‘nalishda rivojlangan: simfonik orkestrlar ishtirokida Raxmaninov, Chaykovskiy simfoniyalari, konsertlar. Biroq, aytishim kerakki, hozir akademik musiqa men uchun unchalik qiziq emas. Endilikda meni o‘z mualliflik musiqamni chalish, o‘z estetikamni yaratish ko‘proq qiziqtiradi. Sababi — klassik musiqalar, ularni qanchalik sevmaylik, hammasi allaqachon ijro etib bo‘lingan. Hozirda men boshqa yo‘nalishdan ketyapman.

intervyu, lola astanova, musiqa

— Adashmayotgan bo‘lsam, “Love in the Time of COVID” albomini chiqarganingizda, bu sof klassik musiqadan iborat so‘nggi albomingiz ekanini aytgandingiz. Bu akademik musiqaga qiziqishning pasayganligi bilan bog‘liqmi?

— Ha, shubhasiz, bog‘liq. Albatta, bu musiqa hamisha mening bir bo‘lagim bo‘lib qoladi: hayotimning necha yillari davomida, mening musiqiy DNKam shu bilan boshlangan, u hech qayerga yo‘qolmaydi. Biroq, karera va rivojlanish nuqtai nazaridan yanada kattaroq ko‘lamdagi konsertlar, shoularni taqdim qilmoqchiman. Massiv ovozni yoqtiraman. Taqdimot, aranjirovkalar nuqtai nazaridan menda juda ko‘p ijodiy g‘oyalar bor. Men musiqa yozaman va bu men uchun hozir juda muhim, chunki ilgari mavjud bo‘lmagan narsani yaratish boshqa bastakorlarning musiqasini ijro etishdan keskin farq qiladi.

— Tashqi ko‘rinish va feshn chiqishlaringizning muhim qismi hisoblanadi. Sizningcha, ular tomoshabinlarning konsertni qabul qilishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

— Har bir tomoshabin o‘zi uchun nimadir oladi. Kimdir bor diqqatini musiqaga qaratadi, kim uchundir esa konsert — bu shunchaki biror joyga chiqish. Boshqa odamlar ko‘proq qiyofaga, kiyimga e’tibor beradi. Ya’ni, har kim o‘zidan kelib chiqib reaksiya qiladi.

Men buni yomon, deb o‘ylamayman. Siz audio va vizual qismlarni birgalikda taqdim etasiz, tomoshabin esa nimaga e’tibor qaratishni o‘zi tanlaydi. Biroq, eng asosiysi, hammasi yuqori darajada bo‘lishi kerak: ijro ham, tashqi ko‘rinish ham. Baxtga qarshi, deymizmi, baxtimizgami, bugungi dunyo shunaqa, undan hech qayerga qochib qutilib bo‘lmaydi.

intervyu, lola astanova, musiqa

— Bugungi kunda yulduz bo‘lish va Karnegi-hollda konsert berish uchun puling ko‘p bo‘lsa kifoya, degan nuqtai nazar mavjud. Musiqada karera qilish uchun konservatoriyada ta’lim olish zarurmi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi faollik va ijodkor bo‘lishning o‘zi kifoyami?

— Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishning o‘zigina yetarli emas. Hech qanday mahoratga ega bo‘lmagan holda jonli konsert bersangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik sizga yordam berolmaydi. Haqiqiy qobiliyatsiz pul ham sizga yordam bermasligi mumkin. Albatta, Karnegi-hollni ijaraga olishingiz mumkin, biroq bu bir marta ish beradi. Hech kim bu konsertga ikkinchi bor tashrif buyurmaydi, sababi — odamlar san’atkor qiziqroq nimadir ayta olishi, mahorati bor yoki yo‘qligini qandaydir tarzda his qiladi.

Ko‘p narsa musiqa janriga bog‘liq. Akademik musiqada ma’lumotga ega bo‘lmagan holda ajoyib cho‘qqilarni zabt etgan ko‘plab estrada san’atkorlari bor. Suratni bitta rang bilan chizish mumkin, o‘nta rang bilan ham chizish mumkin. Malevich “Qora kvadrat"ni chizgan. Hammasi sizning uslubingizga bog‘liq. Albatta, sizning arsenalingizda tanlov bo‘lgan taqdirda, imkoniyatlaringiz ko‘proq bo‘ladi.

— O‘zbekistonlik bir qator musiqachilar: pianinochilar, dirijyorlar yoki boshqa ijrochilar xorijda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Sizningcha, bu nima bilan bog‘liq?

— Haqiqatan ham shunday va, bilasizmi, bu kishini juda quvontiradi. Nazarimda, o‘zbekistonlik iste’dodli kishilar va musiqachilar talaygina. Bizning juda kuchli maktabimiz, kuchli ustozlarimiz bor edi va ular aql bovar qilmas san’atkorlarni tarbiyaladi.

Buni qo‘llab-quvvatlash va bundan faxrlanish kerak, chunki har qanday sohada jahon sahnasiga chiqish — hazilakam ish emas. Men [muvaffaqiyatni] avvalroq singdirilgan tizim bilan bog‘layman. Masalan, ustozlarim eng yuqori saviyadagi odamlar edi. Hozir bu tizimning hech bo‘lmaganda o‘xshashini qayerdan topish mumkinligini hatto tasavvur qilish ham qiyin. Nazarimda, aynan shuning uchun ham bu ijodkorlar muvaffaqiyat qozondi.

— Siz o‘z ishining buyuk ustalari: Tamara Popovich, Lev Naumovlardan tahsil olgansiz. Sizningcha, G‘arb maktablarining musiqani o‘qitishdagi yondashuvlari nimasi bilan biznikidan farq qiladi?

— Farq bor, albatta. Bizning ustozlarimiz ancha qattiqqo‘l bo‘lgan, ular haqiqatan ham bolalardan natija uchun ishlashni talab qilardi. Menimcha, G‘arb maktablarida aynan shunday qattiqqo‘llik biroz yetishmaydi. Masalan, Amerikada bolalarga, hatto darsni o‘zlashtirmagan taqdirda ham umuman hech narsa deya olmaysiz, tanqid qilolmaysiz. Ularni har qanday holda maqtash kerak.

Nazarimda, bu noto‘g‘ri. Muvozanatni topish lozim. Albatta, bizda bolaning qo‘llariga urish kabi chegaradan chiqish holatlari ham bo‘lgan. Buni ham qabul qilib bo‘lmaydi. Biroq inson yonib turishi, qandaydir orzuga ega bo‘lishi va biror narsaga erishish istagida bo‘lishi uchun unga turtki berish ham kerak. Bu bizga haqiqatan ham singdirilgan, chunki odamlar boshqa darajaga chiqishni, dunyoga tanilishni xohlardi. Bunday ishtiyoq bolalar uchun juda muhim, menimcha.

intervyu, lola astanova, musiqa

— Demak, bunday qattiqqo‘llik o‘zini oqladi?

— Shubhasiz. Va hatto nafaqat musiqa bo‘yicha ta’lim nuqtai nazaridan, balki xarakter nuqtai nazaridan ham. Qat’iyatlilik, har qanday qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish va o‘z maqsadlariga erishish [istagi] — bularning barchasi xarakterning bir qismi. Bunday xarakterni tarbiyalash uchun bu ustozlarimiz juda ko‘p kuch sarflagan. Nazarimda, bu o‘zini 100 foiz oqladi.

— 2005-yilda AQShga ko‘chib o‘tganingizdan so‘ng o‘zingizni musiqachi sifatida rivojlantirish va targ‘ib qilishingizga nima yordam berdi?

— Albatta, men an’anaviy yo‘ldan bordim: tanlovlar, festivallar, mahorat darslari — yuzlab konsertlar, hammasini sanab o‘tish imkonsiz. Biroq, shunga qaramay, menda har doim miqyosi jihatidan noyob loyihalar o‘zgacha taassurot qoldirgan.

Men hamisha o‘zimni biroz boshqacharoq ko‘rganman va boshqacha mashhurlikni xohlaganman. Tanlovda yutib chiqish uchun qandaydir akademik qoidalarga muvofiq ijro etishingiz lozim. Men esa har doim o‘zimni boshqacha ifodalaganman. Men o‘zimni ko‘proq shou-vumen sifatida ko‘raman.

intervyu, lola astanova, musiqa

— 2018-yilda Oq uydagi tantanalar vaqtida Amerika madhiyasini ijro etgandingiz. O‘shanda qanday hislarni boshdan kechirganingizni ayta olasizmi?

— Bu juda ajoyib edi. Immigrantni, u yerda tug‘ilmagan odamni tasavvur qiling… Bu klassik hikoya: hech narsasiz kelgansiz, hech kimni tanimaysiz, pulingiz umuman yo‘q va butun hayotingizni noldan boshlaysiz — va shunday cho‘qqini zabt etasizki, sizni Oq uyda AQSh madhiyasini ijro etishga taklif qilishadi. Bu hayotimdagi eng yorqin konsert va kunlardan biri bo‘lgandi.

— Klassik musiqani ommalashtirish g‘oyasiga qanday qaraysiz? Bugungi kunda uni faqatgina tor professional doiralarda tinglash bilan kifoyalanib qolmasdan, biroz ommalashtirishning imkoni bormi?

— Bu aynan qanday klassik musiqa ekanligiga bog‘liq. Odamlar mashhur kuylarni mamnuniyat bilan tinglashadi: o‘sha “Oy sonatasi” yoki filmlardagi sevimli ohanglar. Har holda, Amerikada buni klassik musiqa deb atashadi.

Konservatoriyada Betxoven, Skarlatti sonatalari, Ligeti etyudlari klassik musiqa sanaladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rishlar va miqyos nuqtai nazaridan, bu qiyinroq. Sababi — kuzatuvchilar, menimcha, osonroq, qulayroq narsani xohlaydi.

intervyu, lola astanova, musiqa

— O‘zbekiston hayotingizda qanday o‘rinni egallaydi?

— Aslida Amerikada yashayman, biroq O‘zbekistonda tug‘ilganman. Hamma joyda meni “uzbek-american pianist” deb e’lon qilishadi.

Bolaligim, musiqa va san’atdagi ilk muvaffaqiyatlarim O‘zbekiston bilan bog‘liq. Shuning uchun, busiz iloji yo‘q. Albatta, turli sahnalarda musiqa ijro eta olaman va hayotim allaqachon xorijda o‘tib bormoqda. Biroq, shu bilan birga, O‘zbekiston men uchun — mutlaqo o‘ziga xos joy va bu hech qachon o‘zgarmaydi.

— O‘zbek bastakorlarining musiqalarini hech ijro etganmisiz?

— Ehtimol, talabalik paytlarim. Hozir milliy ohanglarimiz meni juda ham o‘ziga tortmoqda. Ular nihoyatda o‘ziga xos. Men hatto xalq cholg‘u asboblari va qo‘shiqchilik bilan kichik tajribalar qilib ko‘rmoqchiman. Bu ritmlar men uchun juda maroqli. Hozirda buni bolalik paytimdagidan ko‘ra ko‘proq qadrlayman.

— Fevralda Toshkentda navbatdagi konsertingiz bo‘lib o‘tadi. Konsert bo‘yicha biror bir g‘oya yoki ishlanmalar bo‘lsa, baham ko‘ra olasizmi?

— Ha, bu kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘ladi. Bugun bo‘lgan konsert biroz tasodifiy bo‘lgani bois — ehtimol, shuning uchun ham qandaydir elementlar uchun vaqt yetarli bo‘lmadi — navbatdagi konsert uchun bir necha maxsus chiqishlar tayyorlamoqchiman. 25-fevral kuni barchani Forumlar saroyiga taklif etgan bo‘lardim. Juda qiziqarli, kutilmagan chiqishlar bo‘ladi va bu barchaga manzur bo‘ladi, deb o‘ylayman.

— Konsertni intiqlik bilan kutib qolamiz.

Video (rus tilida)