Yaponiyada 1-yanvar kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 126 kishiga yetdi, kamida 516 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi NHK telekanali.

7,6 magnitudali zilzila mamlakat g‘arbiy sohilidagi Ishikava prefekturasida joylashgan Noto yarimorolida yuz berib, keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. 66 mingga yaqin uy suvsiz qoldi, yana 23 mingtasi elektr energiyasidan uzildi.

Hozirda 30 mingga yaqin odam evakuatsiya markazlariga joylashtirilgan, deya qayd etdi Kyodo agentligi. Magistral yo‘llar buzilgani sababli hukumat insonparvarlik yordamini yetkazishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Yana kamida 210 nafar mahalliy aholi bedarak yo‘qolgan. Yaponiya mudofaa kuchlari qutqaruv operatsiyalarida qatnashayotgan harbiylari sonini ikki barobarga oshirdi. Hozirda ular 5400 kishini tashkil qilmoqda, deb yozadi Kyodo.

Qutqaruvchilarning taxminicha, ko‘plab odamlar qulagan uylar ostida qolib ketgan — asosan Suzu va Vadzima shaharlarida. 72 soatli “imkoniyat oynasi” — falokatdan keyingi dastlabki uch kun shunday ataladi, bu kunlarda vayronalar ostidagi omon qolganlarni topish ehtimoli yuqori bo‘ladi — 4-yanvar kechasi nihoyasiga yetdi, deya aniqlik kiritdi BBC.

Rasmiylar hafta oxirida kutilayotgan yomg‘irli ob-havo zilziladan jabr ko‘rgan hududlardagi vaziyatni yomonlashtirishi va ko‘chkilar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.