Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi bilan pilot loyiha doirasida Toshkentga ikkita vodorod avtobusi (vodorobus) keltiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev noyabr oyi oxirida Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni boshlab bergandi. Ushbu “pilot” loyiha doirasida mamlakatda birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi, shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi. Avvalroq inshoot Chirchiq shahridagi ammiak zavodi negizida qurilishi haqida yozgandik.

2022-yil iyun oyida O‘zbekiston ammiak va vodorodli yonilg‘i elementlaridan foydalangan holda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasining tajriba namunasini ishlab chiqishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.