“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov kompaniyaning kredit reytingi pasaytirilgani va S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi prognozi yomonlashgani yuzasidan “Gazeta.uz”ga izoh berdi.

Noyabr oyi oxirida S&P “O‘zbekneftgaz” AJ reytingini “BB-”dan “B+”ga, reyting prognozini esa “barqaror”dan “salbiy”ga tushirgandi. Bu kompaniyaning past natijalari, yuqori qarz yuki, Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani, majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani bilan bog‘liq.

Shuningdek, noyabr oyida S&P`dan bir hafta oldin o‘z sharhini e’lon qilgan Fitch reyting va prognozni o‘zgarishsiz qoldirdi, faqatgina kreditga qobiliyatlilik darajasini “b+”dan “b”ga tushirdi. Bunga kutilganidan pastroq daromadlilik darajasi, qarzga olingan kapitalning o‘z kapitaliga nisbati darajasi sekinroq pasayishi bo‘yicha prognoz, likvidlikning davomli cheklangani va yaqinda kuzatilgan foiz to‘lovlarini qoplash bo‘yicha kovenantga amal qilmaslik (kompaniya kovenantga amal qilmaslik uchun ruxsat olgan) kabi omillar ta’sir ko‘rsatgan.

“O‘zbekneftgaz” rahbarining ta’kidlashicha, S&P prognozining pasayishi kompaniya bo‘linmalarining davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari bo‘yicha ochiqligi yetarli emasligi bilan bog‘liq, bu esa S&P kompaniyaning hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamayishini xulosa qilishiga va kompaniya qarzlarini to‘lay olmasligi mumkinligi haqidagi qo‘rquvga olib keldi.

Kompaniya rahbari xalqaro reytinglar “O‘zbekneftgaz” uchun barometr va xalqaro investorlar tomonidan berilgan baho ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi baholash kompaniyaga “vaziyatni to‘g‘rilash” uchun signal bo‘lgan.

Bahodirjon Sidiqov agentlik hisoboti chiqqanida gaz ishlab chiqarish tannarxi 345 so‘m (ilgari Energetika vazirligi tannarx 1890 so‘m ekanini ma’lum qilgandi) bo‘lsa ham, “O‘zbekneftgaz” 340 so‘mdan sotganini aytdi. Shu bilan birga, har safar S&P tashriflari davomida hukumat yaqin kelajakda gaz tariflarini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan, biroq bu amalga oshmagan, dedi u.

Shu bois reyting agentligi “O‘zbekneftgaz” qanday qilib investitsiya dasturi amalga oshirishi va bunday narxlarda qarzni to‘lashi haqidagi savollar bilan shunday xulosa chiqargan.

“Haqiqatan ham, “O‘zbekneftgaz”ning katta qarzlari bor. Kompaniyaning moliyaviy holatini murakkablashtiradigan asosiy muammo kreditlarning 70 foizdan ortig‘i SOFR (pul bozorida AQSh dollaridagi foiz stavkasi — tahr.) va LIBOR`ning (London banklararo valyuta bozorida kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi — tahr.) suzib yuruvchi (o‘zgaruvchan) stavkalariga ega ekani bilan bog‘liq. Bungacha SOFR 0,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir u 5 foizdan oshdi. Reyting agentligi foiz to‘lovlari oshib borayotganidan xavotir bildirdi”, — dedi u.

Bahodirjon Sidiqov kredit yuki yuqori bo‘lishiga qaramay, “O‘zbekneftgaz” tarixda hech qachon kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘tkazib yubormaganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh S&P va Fitch kompaniyalari vakillari bilan uchrashish va ularning kompaniyaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, daromadlari pasayishi va Uzbekistan GTL zavodiga oid savollariga javob berish uchun Londonga borgan.

“O‘zbekneftgaz” rahbari hisobot e’lon qilinganidan so‘ng kompaniya yevroobligatsiyalari qiymati 79 foizga tushganini, uchrashuv va muloqotlardan so‘ng esa 85 foizga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, reyting agentliklari va investorlar bilan aloqani yaxshilash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan, yanvar oyi o‘rtalarida esa S&P tahlilchilari bilan muloqotni qayta boshlash rejalashtirilgan. Kompaniya 2024-yil davomida reytingni tuzatish niyatida.