2-yanvar kuni Tokioning Xaneda aeroportida Japan Airlines kompaniyasining Airbus A350 samolyoti qo‘nish vaqtida chegara qo‘riqlash samolyoti bilan to‘qnashib ketdi. Bir necha daqiqa ichida samolyot alanga ichida qoldi, shunga qaramay barcha 367 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lindi.

Evakuatsiyaning muvaffaqiyati ekipajning mukammal tayyorgarligi va yo‘lovchilarning namunali xulq-atvori bilan amalga oshirildi. “Gazeta.uz” Bloomberg, The New York Times va CNN nashrlarining bortdagi barcha odamlarni qanday qutqarib qolgani haqidagi materiallaridan asosiy fikrlarni jamladi.

To‘qnashuvdan so‘ng Japan Airlines styuardessalari “keskin vaziyatga” duch kelishdi, deb yozdi Bloomberg. Parvoz kemasi va yo‘lovchilar kabinasi o‘rtasidagi interkom tizimi ishlamay qoldi, dvigatellardan biri hali ham ishlayotgan va uni o‘chirish imkonsiz edi, samolyotning kerosin bilan to‘ldirilgan fyuzelyaji yonayotgan vaqtda sakkizta favqulodda chiqish joyidan faqat uchtasi evakuatsiya uchun ochiq edi.

“Umuman olganda, yo‘lovchilarni qutqarish yanada ta’sirliroq: bu samolyotning ilg‘or dizayni, malakali ekipaji va, eng muhimi, xotirjamlikni saqlagan va qoidalarga amal qilgan yo‘lovchilar natijasidir”, — deyiladi agentlik xabarida.

Yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish samolyot oldidagi ikkita chiqish joyidan boshlandi. Salonning orqa tomon chap tarafdagi boshqa chiqish joyga alanga yetib bormagan, biroq ichki aloqa tizimi ishlamay qolgan va uchuvchilar, ko‘rsatmalarga ko‘ra, uni ochishga ruxsat bera olmagan. Keyin styuardessalar o‘z tashabbusi bilan ko‘proq odam avariyaviy trapdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun bu eshikni ochdi. Ekipaj yo‘lovchilarga megafondan foydalanib yoki shunchaki baland ovozda ko‘rsatmalar berishga to‘g‘ri keldi.

Samolyot ichidan olingan kadrlarda salonga tutun kirib kelayotgani va ba’zi yo‘lovchilar niqob kiyganini ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, xira yoritilgan kabina orqali favqulodda chiqish joylariga yo‘l olgan yo‘lovchilar orasida vahima yo‘q edi, deb yozadi Bloomberg.

“Eng muhimi, yo‘lovchilar qo‘l yuklarini samolyotda qoldirgani bo‘ldi. Garchi bu evakuatsiya vaqtida tez-tez takrorlanadigan xavfsizlik talabi bo‘lsada, o‘tmishdagi samolyot halokatlari shuni ko‘rsatdiki, ba’zi yo‘lovchilar bunday vaqtda shaxsiy narsalarini olish uchun shoshiladi. Bu, o‘z navbatida, styuardessalar yo‘lovchilar oqimini boshqarishda, jumladan, ularga avariyaviy trapdan sakrashda yordam berish vaqtida xavfli tirbandlikni keltirib chiqaradi”, — deyiladi agentlik xabarida.

Samolyotning ilg‘or dizayni va yaxshi o‘qitilgan ekipajdan tashqari favqulodda vaziyat paytida vahima yo‘qligi evakuatsiya paytida eng ko‘p yordam bergan omil bo‘ldi, deb yozadi The New York Times. Nashr, shuningdek, yo‘lovchilarning aksariyati bortda faqat telefonlarini olib, barcha narsalarini tashlab ketganiga urg‘u beradi.

“Men ba’zi baland ovozlarni eshitgan bo‘lsam ham, odamlarning asosiy qismi xotirjam edi. Ular [halokat vaqti] o‘rinlaridan turmadilar, balki o‘tirishda va kutishda davom etdilar”, — dedi yo‘lovchi Aruto Ivama. “Shuning uchun biz omon qolishga muvaffaq bo‘ldik deb o‘ylayman”.

Samolyotning yana bir yo‘lovchisi, Stokgolmlik 17 yoshli Anton Deybe ham bortdagilarning barchasi o‘zini xotirjam tutganini aytdi. “Styuardessalar juda professional edi, lekin ularning ko‘zlaridan qo‘rqib ketganini ko‘rish mumkin edi”, — dedi u va qo‘shimcha qilishicha “hech kim chiqish uchun oldinga yugurmadi. Hamma ko‘rsatmalarni kutdi”.

Hodisa bo‘yicha tergov davom etmoqda, biroq CNN intervyu bergan ekspertlar ham muvaffaqiyatli evakuatsiya zamonaviy samolyotlar xavfsizligi standartlari va Japan Airlines aviakompaniyasining qat’iy xavfsizlik madaniyati uyg‘unligi tufayli amalga oshirilganiga ishonishadi.

“Bu juda jiddiy voqea. Ammo men ushbu aviakompaniya haqida bilganlarimni va ular xavfsizlik va ekipajni tayyorlash uchun qancha kuch sarflaganliklarini bilgan holda, ularning bunday yaxshi ish qilgani ajablanarli bo‘lmasa kerak”, — dedi Buyuk Britaniyadagi Krenfild universitetida xavfsizlik va hodisalarni tekshirish professori Grem Breytveyt.

Breytveytning so‘zlariga ko‘ra, Japan Airlines aviakompaniyasining shunday xavfsiz aviakompaniyaga aylanishiga deyarli 40 yil avval sodir bo‘lgan aviahalokat yordam bergan. 1985-yil 12-avgustda Tokiodan Osakaga yo‘l olgan JAL 123-reysi samolyotning dum qismi shikastlanganidan keyin halokatga uchradi. Samolyotda bo‘lgan 524 kishidan 520 nafari halok bo‘ldi. Bu aviatsiya tarixidagi ikkinchi eng halokatli hodisadir.

“Shubhasiz, bu aviakompaniyaga katta ta’sir ko‘rsatdi”, dedi Breytveyt. “Ular bu mas’uliyatni guruh sifatida o‘z zimmalariga olishdi va hech qachon bunday narsa takrorlanmasligiga ishonch hosil qilishni xohlashdi”. Shu sabab, biror narsa noto‘g‘ri ketsa, ular bu vaziyatga undan nima o‘rganish mumkinligi nuqtai nazaridan qarashadi. Barcha sodir bo‘layotgan hodisalar — yaxshiroq bo‘lish uchun imkoniyatdir".

Samolyotning qo‘nishi bilan ekipaj komandiri trapdan yerga oxirgi bo‘lib tushgan paytgacha jami 18 daqiqa ketdi.