Energetika vazirligi 2026-yilgacha energetika tizimining barqaror va uzluksiz ishlashiga erishishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlik “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda, ayniqsa, 2023-yil boshidagi energiya inqirozidan keyin barcha ishlar energiya tizimidagi “teshiklarni yamashga” qaratilgan. Ayni paytda Energetika vazirligi va boshqa tashkilotlar yozgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda, bu davrda elektr energiyasi qish mavsumiga nisbatan ko‘p sarflanadi va elektr kabellari haddan tashqari qizib ketgan taqdirda, yong‘inga chidamliligi past bo‘ladi. Masalan, Toshkent shahrida 1-yanvar holatiga ko‘ra elektr energiyasi iste’moli 657 MVtgacha pasaygan bo‘lsa, yozda u 1500 MVtgacha oshadi.

Energetika vazirligi 10−15 yil oldin “ko‘plab blekautlar bo‘lgan” Xitoyni misol qilib keltirdi. Bugungi kunda Yaponiya va Janubiy Koreyada elektr energiyasining avariyaviy uzilishlar davomiyligi yiliga 5−7 daqiqani tashkil etsa, Xitoyda bu ko‘rsatkich 4 daqiqagacha pasaygan. Xitoy hukumati dastlab elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirdi, O‘zbekiston ham “bor kuchini buning uchun sarfladi”. Dekabr oyi oxirida umumiy quvvati 2,4 GVt bo‘lgan oltita “yashil” elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Umuman olganda, 2030-yilga borib “yashil” elektr stansiyalarining quvvatini 27 GVtga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini 34 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Ikkinchi bosqichda O‘zbekistonda elektr tarmoqlari va podstansiyalarni yangilash reja qilinmoqda. Xususan, ikki yil davomida Xitoyning China XD Electric Co konserni bilan birgalikda 110, 220 va 500 kV kuchlanishli 100 dan ortiq podstansiyalar qurish, transformatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish belgilangan.

Dunyodagi eng yirik elektr tarmog‘i kompaniyasi bo‘lgan State Grid Corporation of China (Xitoyning 26 ta hududida elektr energiyasini uzatish va tarmoqlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, bu hududning 88 foizini tashkil etadi) bilan esa 220 va 500 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Jahon bankining 115 mln dollarlik loyihasi doirasida energiya tizimini raqamlashtirishni yakunlash va SCADA tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Yana bir yo‘nalish — hududlardagi uzatish tarmoqlarini boshqarish uchun xususiy operatorlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlar miqdorini kamaytirishdan biznes foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan variant o‘rganilmoqda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonga 4 mlrd kVt/soatga yaqin elektr energiyasi import qilingan.

Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yildan energoresurslarga bo‘lgan ichki ehtiyojni 100 foiz qoplash vazifasi qo‘yilganini bildirgandi. “Agar buni bajarolmasak, nafaqat men, balki tizimdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, — degan u.